Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Vidergeburt” O‘zbekiston nemislari madaniyat markaziga nemis tilidagi kitoblar jamlanmasi topshirildi
09:37 / 2023-12-11

Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi tomonidan “Vidergeburt” O‘zbekiston nemislari madaniyat markaziga nemis tili darsliklarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston va Germaniya xalqlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni hamda madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash yo‘lida xizmat qilib kelayotgan  “Vidergeburt” nemis madaniyat markazi 1990 yil oktyabr oyida tashkil etilgan. Markazning Buxoro, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida hududiy bo‘limlari faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizda nemis madaniyatiga bo‘lgan hurmat va ehtirom, nemis xalqi urf-odatlari hamda an’analarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish juda katta.    

Markazda tasviriy san’at, hunarmandchilik, raqs, teatr, nemis tili kabi to‘garaklar tashkil etilgan bo‘lib, unda millatidan, yoshidan qat’iy nazar har kim qatnashishi, bilim va mahorat oshirishi mumkin. Bu yerda nemis millati urf-odatlari, an’analari, qadriyatlarini, tarixini aks ettiruvchi adabiyotlar, turli ashyolar, anjomlar ham saqlanadi.  

Ta’kidlash kerak, yurtimizda 3 mingdan ziyod nemis millatiga mansub fuqaro istiqomat qiladi.    

Ma’lumki, Germaniya xalqining milliy bayramlari ko‘p bo‘lib, markazda ushbu milliy bayram, marosimlarni o‘zgacha shukuh bilan nishonlashga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, Pasxa, Advent, Oktoberfest, Hosil bayrami kabi milliy bayramlarni nishonlash an’ana tusini olgan. 

– Nemis tili va madaniyatini targ‘ib etishda nemis tili darsliklariga doimiy ehtiyoj borligini inobatga olib, elchixonamiz tomonidan bugungi kitoblar jamlanmasini  tayyorlab, keltirdik, - deydi Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi madaniyat attashesi Klemens Shvanxold. – Nemis tilini chuqur o‘rganish uchun zamonaviy manbalar, adabiyotlar zarur. Zamonaviy manbalar orqali yoshlar nafaqat nemis tilidagi, balki, Germaniyadagi yangilanishlarni bilib olishlari mumkin. Biz ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlovchi bu kabi loyihalarni kelgusida ham davom ettirish niyatidamiz.    

[gallery-14998]

Elchixona tomonidan taqdim etilgan nemis tilidagi darsliklar va adabiyotlar jamlanmasi “Vidergeburt” O‘zbekiston nemislari madaniyat markaziga tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, shu kuni Buxoro, Samarqand va Farg‘onadagi markaz bo‘limlariga ham kitoblar jamlanmasi jo‘natildi.    

Kamola YUSUPOVA,

Oybek PARDAEV (surat), O‘zA