Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari va parlament nazoratiga oid masalalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda dastlab Prezident raisligida bo‘lib o‘tgan kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar xususida to‘xtalib o‘tildi. Mazkur vazifalarning ijrosini ta’minlash, bu jarayonda Xalq demokratik partiyasi deputatlik korpusining faol ishtirokiga erishish masalalari haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Ta’kidlanganidek, yurtimizda kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, muhtoj aholi vakillari manfaatlarini himoyalash borasida bir qator natijalarga erishilmoqda. Bu boradagi ishlarni davom ettirish aholi farovonligini yanada yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi.

Qayd etildiki, videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar partiya dasturiy maqsadlariga hamohang bo‘lib, ularning amalga oshirilishi partiya elektorati manfaatlari himoyasiga xizmat qiladi. Shuning uchun kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi vazifalar ijrosida jamoatchilik va deputatlik nazoratini kuchaytirish hamda real natijalar uchun qat’iy va amaliy harakat qilish zarurligi aytildi.
Muhokamalarda fraksiya a’zolari mazkur yo‘nalishda bir qator taklif va tavsiyalarni bildirdi. Jumladan, deputat Sharofiddin Nazarov ish o‘rinlari ochilgani haqidagi ma’lumotlarning haqqoniyligi masalasida hududlarda deputatlik nazoratini kuchaytirish, ayniqsa, bu borada xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari bilan doimiy birga ishlash zarurligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, mutasaddi idoralar va ijro hokimiyatining kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash borasidagi mas’uliyatini kuchaytirish, partiya tizimida joylarda olib borilayotgan o‘rganish jarayonlarida shu masalaga alohida e’tibor qaratish lozimligi ham aytib o‘tildi.
Shundan so‘ng yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi K.Sariyevning “Mamlakatimizda umummilliy totuvlikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axborotini eshitish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA