Prezident raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida turizmni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega muzeylar faoliyatini samarali tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi.
O‘tkazilgan tekshirishlarda respublika bo‘yicha 14 ta muzeyda 3 mingdan ziyod nodir va noyob madaniy boyliklar talon-toroj qilingani qayd etildi.
Jumladan, Buxoro davlat muzeyida jami 31,5 milliard so‘mlik 81 ta madaniy boyliklar qalbakilariga almashtirib qo‘yilgani aniqlangan. “Ichan-Qal’a” davlat muzey fondida jami 101 ta muzey ashyolari asliga to‘g‘ri kelmasligi ma’lum bo‘ldi.
Umuman, 30 yilda madaniy meros ob’ektlariga yetkazilgan zarar miqdori 4 trillion so‘mdan oshgan.
Shu bois, Bosh prokuror va turizm vaziri boshchiligidagi komissiyaga:
– barcha muzeylar eksponatlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, yil yakuniga qadar ularning elektron bazasini yaratish;
– muzeylar rahbar va xodimlarining bilim va malakasini baholab, lavozimiga noloyiq rahbarlar o‘rniga bilimli, halol va tadbirkor yoshlarni qo‘yish topshirildi.
–Bundan buyon muzeylardagi sharoitlarga viloyat hokimlari javobgar bo‘ladi, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari viloyat hokimlariga bir oy muddatda 52 ta ta’mirtalab muzeyga shaxsan borib, ularning muammolarini hal qilishga ko‘rsatma berdi.
Toshkent shahar hokimiga 1 oktyabrga qadar xorijdan jalb qilingan malakali ekspertlar bilan birga Temuriylar tarixi, O‘zbekiston tarixi hamda Tabiat muzeylarining ekspozitsiyasini zamon talablariga asosan yangilash bo‘yicha ishlarni boshlash topshirildi.
Bu tajriba asosida respublikadagi boshqa muzeylar ham yangilanadi.
Hozirda muzeylardagi 105 ming dona eksponat restavratsiyaga muhtojligi qayd etildi. Yil yakuniga qadar muzey binolarini ta’mirlash hamda ashyolarni restavratsiya qilish uchun muzeylarda 15 ta restavratsiya laboratoriyasini tashkil qilinadi.
Shu bilan birga, muzeylarning ko‘rgazma maydonlari kamligi sababli atigi 1 foiz (143 mingta) eksponat namoyishga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, barchaning ham Savitskiy kabi muzeylarga borish imkoniyati yo‘q.
Shu munosabat bilan “San’atni xalqqa yaqinlashtirish” dasturi doirasida hududlarda muzeylarning ko‘chma ko‘rgazmalari tashkil qilinadi.
O‘zA