Joriy yilning 23 yanvar kuni Prezidentimiz raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026 yildagi asosiy vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida islohotlarni mahalla kesimida amalga oshirish, aholi uchun barqaror daromad manbalarini yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi.
Davlatimiz rahbari anjumanda: “Mahalla — islohot qayerda ishlayotganini ham, qayerda to‘xtayotganini ham aniq ko‘rsatadigan joy” deya ta’kidlab, Jizzax viloyati Arnasoy tumanida chorva ozuqasini ko‘paytirish maqsadida silosni sanoat usulida tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani, natijada har bir xonadon kuniga 250–300 ming so‘m daromad olayotganini alohida qayd etdi.

Ayni paytda Arnasoyda nasldor qoramol soni 600 tani tashkil etadi. Xonadonlarda esa 200 ta qoramol bo‘lib, ulardan kuniga jami 2500 litr sut sog‘ib olinmoqda. Har bir xonadonning kunlik daromadi esa 250-300 ming so‘mdan iborat.
Ayni paytda Arnasoy tumanida aholi xonadonlarida naslli chorvachilikni rivojlantirish kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlashda samarali drayver loyihaga aylanmoqda.

2024 yilda aholi xonadonlari o‘rganilib, ko‘pchilik fuqarolarning imkoniyati va qiziqishi chorvachilikka yo‘nalgani aniqlandi. Shu asosda kam daromadli mahalliy mollarni parvarishlashdan yuqori iqtisodiy samara beruvchi naslli chorvachilikka bosqichma-bosqich o‘tish rejasi ishlab chiqildi.
Loyihaning muvaffaqiyati, avvalo, mustahkam ozuqa bazasini shakllantirish bilan bog‘liq. Abdunazar Yo‘ldoshev rahbarligidagi “Mustang tog‘lari” va Farhod Yadgarov boshchiligidagi “Sangzor” fermer xo‘jaliklarida 2024 yil oktyabr oyida 600 tonna silos sanoat usulida tayyorlandi. Keyinchalik “Beruniy Agrostar” MCHJ bilan hamkorlikda 130 gektar maydonda qo‘shimcha ish olib borilib, umumiy silos zaxirasi 6 ming tonnaga yetkazildi.

Agar 2024 yil boshida tumanda atigi 16 ta xonadonda 33 bosh nasldor qoramol mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 200 dan ortiq xonadonda 600 boshdan ziyod nasldor chorva parvarishlanmoqda. Yana 200 ga yaqin xonadon naslli qoramol sotib olish istagini bildirib, imtiyozli kreditlar asosida loyihaga qo‘shilishga tayyor.
Naslli mol sotib olish imkoniyati cheklangan aholi uchun Germaniya va Avstriyadan keltirilgan sifatli sun’iy urug‘lar orqali mahalliy mollar zotdorlashtirildi. Natijada 500 boshga yaqin gibrid buzoqlar olindi.
Ishlab chiqarish zanjiri faqat yetishtirish bilan cheklanib qolmayapti. “Mustang tog‘lari” fermer xo‘jaligi aholi xonadonlaridan kuniga ikki mahal sut yig‘ib olib, har kuni 1500 litr sutni qayta ishlash korxonalariga, 1000 litrga yaqinini esa ichki bozorga yetkazib berish tizimini yo‘lga qo‘ydi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bir bosh naslli sigir kuniga o‘rtacha 30 ming so‘mlik ozuqa iste’mol qilib, 150 ming so‘mlik sut mahsuloti beradi. Bir yoshga to‘lgan buzoqning bozor qiymati esa o‘rtacha 30 million so‘mni tashkil etadi. Bu esa aholi xonadonlari uchun barqaror va uzoq muddatli daromad manbai demakdir.
2026 yil yakuniga qadar naslli chorva parvarishlanayotgan xonadonlar sonini 1 mingtaga, qoramollar sonini esa 3 ming boshga yetkazish rejalashtirilgan. Bu borada Germaniyadan yana 60 bosh zotdor sigir olib kelinishi ham rejalarning amaliy tus olayotganidan dalolatdir.
Arnasoy tajribasi Prezidentimiz belgilab bergan ustuvor vazifalar mahalla kesimida aniq reja, tadbirkorlik tashabbusi va aholi ishtirokida amalga oshirilsa, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishda yuksak natijalarga erishish mumkinligini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri