Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Videomuloqot: Vazir va Pekin-2022 ishtirokchisi nimalarni gaplashdi?
12:54 / 2022-01-30

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov qishki olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz sharafini himoya qilishga hozirlanayotgan sportchi bilan onlayn muloqot o‘tkazdi.

Xabar berganimizdek, tog‘ chang‘isi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Komiljon To‘xtayev joriy yilning 4-20 fevral kunlari Xitoyning Pekin shahrida o‘tkaziladigan XXIV qishki olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz sharafini himoya qiladi.

Olimpiya o‘yinlarida tog‘ chang‘isining slalom va gigant slalom yo‘nalishlarida qatnashishga hozirlik ko‘rayotgan mahoratli sportchimiz ayni kunlarda Italiyada so‘nggi mashg‘ulot jarayonlarida ishtirok etmoqda.

Ma’lumki, qishki olimpiya o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida hamyurtimiz joriy yilning 6 yanvarida Italiyaga yo‘l olgandi. Shu kunlarda u Italiyaning Bruniko shahri yaqinidagi Manguyelfo qishlog‘ida italiyalik murabbiyi Mattia Ganessi rahbarligidagi mashg‘ulotlarda qatnashmoqda.

Muloqot davomida sportchining salomatligi va bo‘lajak musobaqalarga tayyorgarlik jarayoni, yaratilgan shart-sharoitlar haqida suhbatlashildi. Shuningdek, bo‘lajak qishki Olimpiya o‘yinlarida Komiljon To‘xtayevga omad tilagan holda uning ortida Prezidentimiz, yaqinlari, qolaversa ko‘p millionlik O‘zbekiston xalqi turganligini ta’kidlab, undan munosib natijalarni kutayotganligini aytib o‘tdi.

O‘z navbatida Komiljon To‘xtayev, avvalo davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga, Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston chang‘i sporti federatsiyalarining doimiy yordamini his qilayotganligini, yurtimizda so‘nggi yillarda qishki sport turlarini yanada ommalashtirish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidlab, sportchi sifatida bundan mamnun ekanligini e’tirof etdi.

Videomuloqot davomida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida Sportning qishki va ekstremal sport turlariga ixtisoslashgan maktab-internati tashkil etilayotganligi hamda Komiljon To‘xtayevni mazkur ta’lim dargohi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda o‘z amaliy takliflari va maslahatlari bilan faol ishtirok etish masalasida ham fikr yuritildi.

Suhbat yakunida Komiljon To‘xtayev qishki olimpiya o‘yinlari bahslarida munosib ishtirok etish orqali O‘zbekiston xalqini quvontirish uchun astoydil harakat qilishga va’da berdi.

Eslatib o‘tamiz, hamyurtimiz joriy yilning 1 fevral kuni Italiyadagi mashg‘ulotlarini yakunlab, Pekinga yo‘l oladi. XXIV qishki Olimpiya o‘yinlari dasturiga binoan hamyurtimiz ishtirokidagi bahslar 13 va 16 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, 
O‘zA