Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Videofakt: Ayni pishiqchilikda Baxmalda olma gulladi
18:09 / 2023-08-21

Yo‘l-yo‘lakay...

Kuz yaqin. Baxmal olmalariga rang kirmoqda. Mevalari yetilib, yuk ola boshlagan shoxlar egilib boryapti. Ba’zi daraxtlarning novdalari esa gulga burkandi. Ishoning, Oyqorning etagida shunday hodisa kuzatilmoqda.

Baxmal tumani Novqa qishlog‘i aholisining asosiy daromad manbai bog‘dorchilik, dehqonchilik va chorvachilik sanaladi. Hududda katta-katta bog‘lardan tashqari har bir xonadonning tomorqasida turli navlardagi olmalar parvarish qilinadi.

“Yo‘l-yo‘lakay” loyihasining navbatdagi soni o‘zim tug‘ilib o‘sgan ana shu qishloqdan tayyorlandi. Bunga sabab ota hovlidagi olmaning ayni kuz pallasida gulga kirganiga guvoh bo‘lganim bo‘ldi. Bu noodatiy hodisa. Noodatiylik esa ko‘pchilikka qiziq.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/dUlZz3rQO94" title="Videofakt: Ayni pishiqchilikda Baxmalda olma gulladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Bundan to‘qqiz yil oldin. Sentyabr oyi. O‘shanda Novqadagi ba’zi yoshi katta – o‘n-o‘n besh yillik olma daraxtlari g‘alati kasallikka chalingan. Mevalari yetilgan shoxlarning barglari to‘kilib ketgan. Lekin tez orada daraxtlar qayta jonlanib, yangi barglar chiqargan. Qiziq jihati shundaka, kelgusi yil hosil berishi kerak bo‘lgan kurtaklar kutilmaganda gullab yuborgan edi.

Tomorqadagi endi hosilga kira boshlagan daraxtda ham gul, ham mevani tomosha qilib turar ekanman o‘sha tabiat hodisasi yodimga tushdi. Faqat bu vaziyat oldingidan boshqacha – daraxtda hech qanday kasallanish alomati yo‘q.

Kuzdagi bahor nafasining sababini bilish uchun mutaxassis bilan bog‘landik.

– Urug‘mevali daraxtlardan olma, nok, behilarda shunday holatlar kuzatilib turadi, – deydi qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Ixtiyor Namozov. – Ozuqa yetarli bo‘lgani uchun hosil kurtaklari to‘liq shakllanib bo‘lgan. Shuning uchun ular majburiy uyg‘ongan. Bu jarayonda ba’zan meva ham tugiladi, lekin u pishib yetilmaydi. Sababi yetilish uchun yetarli sharoit, issiqlik bo‘lmaydi.

Ikrom AVVALBOEV, Nishonboy ABDUVOITOV(video), O‘zA