French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
VI KONGRESS: Tojikiston fondlarida O‘zbekiston madaniy merosiga oid ko‘plab osori atiqalar mavjud
17:17 / 2022-07-26

22-24 iyul kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining VI Kongressi bo‘lib o‘tdi.

 Unda dunyoning mamlakatidan 350 nafardan ortiq olimlar, mutaxassislar, OAV vakillari ishtirok etdi. Xususan, Tojikiston Respublikasidan bir qator olimlar va jurnalistlar taklif etildi.

Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov qo‘shni mamlakatdan tashrif buyurgan olimlar bilan muloqot qildi. Tojikistonlik olimlar suhbat asnosida mamlakatning muzeylari, kutubxonalari, oliy ta’lim muassasalarida O‘zbekiston bilan bog‘liq juda ko‘plab osori atiqalar mavjudligini ta’kidlashdi.

Ma’lumki, o‘zbek va tojik xalqlari asrlar davomida bitta mintaqada, yonma-yon, ahil-inoq hayot kechirib kelishgan. Shu bois, ularning madaniyati, hayot tarzi, urf-odatlaridagi farqlar deyarli ko‘zga tashlanmaydi. Juda ko‘p madaniy meros namunalar hatto xalqaro miqyosda xalqlarimizning mushtarak merosi sifatida e’tirof etilgan. Navro‘z bayrami, Shashmaqom, palov oshi singari qadriyatlarimiz o‘zbek va tojik xalqlari nomoddiy madaniy merosi sifatida YUNESKO ro‘yxatiga kirgani ham shundan dalolat beradi.

Ayni paytda tojikistonlik taniqli olim, filologiya fanlari doktori, Fanlar akademiyasining Indira Gandi nomidagi kutubxonasi direktori Shodimuhammad So‘fizoda “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidan Tojikistonda saqlanayotgan O‘zbekistonga oid qo‘lyozmalar ustida ish olib bormoqda.

— Tojikiston fondlarida turkiy tildagi kitoblar bilan birga Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Xiva, Toshkent shaharlarida ko‘chirilgan, fors-tojik tilidagi minglab qo‘lyozmalar saqlanadi, - deydi Shodimuhammad So‘fizoda. – Bu asarlar  har ikki xalqning bebaho xazinasi sanaladi. Ularning aksariyati hali yetarlicha o‘rganilmagan. Mazkur loyiha ana shu ulkan boylikni o‘rganish va targ‘ib qilishda katta ahamiyat kasb etadi.

— Kutubxonamizda eski o‘zbek tilidagi o‘nlab  qo‘lyozmalar mavjud, - deydi Tojikiston Milliy kutubxonasi direktori Jumaxon Xol Fayzalizoda. – Xususan, Hazrat Navoiyning hayotlik paytida ko‘chirilgan devonlari, So‘fi Olloyorning “Sabotul-ojizin”, Xiromiyning “Bahrom va Gulandom” manzumalari, Sultonxon Ado devonining nodir nusxalari saqlanmoqda. Ushbu nodir asarlarni tadqiq etishda Butunjahon jamiyati olimlari bilan hamkorlik qilishga tayyormiz.

Tojik olimlari bilan muzokaralar asnosida Dushanbeda Sohibqiron Amir Temur haqida eski o‘zbek tilida bundan to‘rt asr avval bitilgan nodir qo‘lyozma ham borligi ma’lum qilindi. Kelgusida ana shunday asarlarning faksimil nusxalarini chop etish, bugungi alifboda nashr qilish yuzasidan ham fikr almashildi.

Kinematografiya agentligi axborot xizmati,

O‘zA.