Bugun, 15 iyun kuni Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida davom etayotgan "BRIKS" o‘yinlarining uchinchi kungi bahslarida sportchilar 11 ta sport turi bo‘yicha medallar uchun kurash olib boradi.
Kecha o‘tkazilgan musobaqalarda mamlakatimiz sportchilari sambo, karate, ushu, gimnastika musobaqalarida medallarga sazovor bo‘ldi.
Ayniqsa, yurtimiz sambochilari qo‘lga kiritgan sovrinli o‘rinlar e’tiborli bo‘ldi.

“BRIKS” o‘yinlari doirasida sambo bahslarining so‘nggi kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 2 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Mahoratli sambochilarimizdan Erkin Qozoqov va Nurbek To‘rayev kumush, Indira Elmuratova, Muxlisa Turdiyeva va Feruza Xurozova bronza medallarini qo‘lga kiritishi asnosida sambochilarimiz o‘yinlarni 1 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza medali bilan yakunladi.
BRIKS o‘yinlarining karate bahslarida qatnashgan sportchilarimizdan Gulshan Alimardanova -50 kilogramm vazndagi bellashuvlarni muvaffaqiyatli o‘tkazib, kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Erkaklar o‘rtasida -60 kilogramm vazn toifasida hamyurtimiz Mehriddin To‘raxonov oltin medalni qo‘lga kiritdi. Keskin va deyarli teng kurashlar ostida o‘tgan jangda u qozog‘istonlik raqibi ustidan g‘alaba qozondi. Uchinchi o‘rin rossiyalik Yurik Oganesyan va serbiyalik Pavle Dujakovitsga nasib etdi. -67 kg vazn toifasida yana bir karatechimiz Muhammadabdulaziz Xo‘jaqulov bronza medaliga ega chiqdi. Shuningdek, -75 kilogrammlilar bahsida karate bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan hamyurtimiz Dostonbek Otabolayevga “BRIKS” o‘yinlarining bronza medali nasib etdi.
“BRIKS” o‘yinlarining ushu musobaqalari ikkinchi kunida oltita medallar jamlanmasi uchun kurash kechgan bo‘lsa, terma jamoamiz a’zolaridan Darya Latisheva o‘z yo‘nalishida kumush medalga ega chiqdi.

Qozondagi Suv sporti saroyida sinxron suzish bo‘yicha beshta sovrinli o‘rinlar uchun bahslar tashkil etilgan bo‘lsa, terma jamoamiz a’zolari Anna Vashchenko va Vyacheslav Rudnev 2-o‘rindan joy oldi. Ortda qolgan “BRIKS” o‘yinlarining gimnastika musobaqalarida mahoratli sportchilarimizdan Jasmina Mahmudova tayanib sakrash dasturida 12,616 natija bilan bronza medali sohibiga aylandi.
Umumjamoa hisobida hozircha Rossiya vakillari 40 ta oltin, 24 ta kumush, 15 ta bronza medali bilan 1-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, keyingi pog‘onadan joy olgan Belarus vakillarida 8 ta oltin, 13 ta kumush, 17 bronza medali bor. Xitoyliklar 6 ta oltin, 7 ta kumush, 3 ta bronzaga ega bo‘lib turibdi. 90 ta mamlakat orasida 3 ta oltin, 5 ta kumush, 10 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoada 4-o‘rinni egallab turibdi.

Eslatib o‘tamiz, musobaqa 23 iyunga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA