Kecha Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida VI "BRIKS" o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qozon shahridagi Xalqaro ekspomarkazda tashkil etilgan ochilish tantanalarida o‘yinlarda ishtirok etayotgan 90 ta davlat sport delegatsiyalari qatorida mamlakatimiz vakillari ham qatnashdi.
An’anaga ko‘ra, marosimda 90 dan ortiq mamlakat sportchilarining paradi bo‘lib o‘tdi. Rang-barang liboslar namoyishida Tatariston Respublikasi ashula va raqs ansambli, taniqli san’at ustalari, mashhur musiqa va raqs ansambllari o‘z kuy-qo‘shiqlarini, raqslar guldastasini namoyish etdi.

Ochilish marosimida tomoshabinlar uzoq tarixga sayohat qilishdi. Rangli chiqishlar tufayli ular Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab yurib, o‘z mamlakatlari madaniyati va an’analari bilan tanishtirildi.
Marosimda O‘zbekiston bayrog‘ini akademik eshkak eshish bo‘yicha Osiyo o‘yinlarining oltin va kumush medallari sohibi Alisher Turdiyev muhtasham majmua uzra olib o‘tdi.

Bugun, 13 iyundan e’tiboran VI "BRIKS" o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan sport turlari bo‘yicha dastlabki musobaqalar tashkil etiladi.
Joriy yilning 24 iyuniga qadar davom etadigan “BRIKS” VI xalqaro sport o‘yinlari Qozon shahridagi 18 ta sport inshootida bo‘lib o‘tadi.
13 kunlik “BRIKS” musobaqalarida O‘zbekistonning 250 nafardan ziyod sportchisi yurtimiz sharafini himoya qiladi. O‘yinlar jarayonida 90 ta davlatning 4 ming 500 nafardan ziyod sportchilari 389 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA