Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan qurolli mojaro hududlaridan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ekspertlar Kengashining birinchi yig‘ilishida BMT Xavfsizlik Kengashi Aksilterror qo‘mitasi Ijroiya direktorati rahbari vazifasini bajaruvchi Veysun Chen video murojaat bilan ishtirok etdi.
BMT vakili terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatga, gumon qilinayotgan shaxslar hamda vatanga qaytarilgan jangarilar, ularning oila a’zolarini reabilitatsiya va reintegratsiya qilish strategiyasiga, shuningdek ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan O‘zbekiston siyosatiga jiddiy e’tibor qaratdi.
Notiq mavzu doirasida quyidagi muhim masalalarga ham to‘xtaldi:
Birinchi – xalqaro huquqiy asos. Ma’ruzachi qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishda xalqaro huquq, jumladan inson huquqi, gumanitar huquq va qochoqlar huquqiga rioya etish muhimligini ta’kidladi. Uning fikricha, bu asosiy huquqlarni hurmat qilgan holda, xavfsizlik choralarini ta’minlaydigan muvozanatli yondashuv zarurligini ko‘rsatadi.
Ikkinchi – mintaqaviy yetakchilik va faol chora-tadbirlar. Veysun Chen terrorizmga qarshi kurashda O‘zbekistonning faol pozitsiyasini e’tirof etdi. Ta’kidlanishicha, «Mehr» operatsiyasi kabi tashabbuslar bilan mamlakat ushbu yo‘nalishda o‘ziga xos yetakchilik xususiyatini namoyish etmoqda, mintaqaning boshqa davlatlari ham shu yo‘ldan bormoqda.
Shuningdek, BMT vakili Prezidentimizning qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha mintaqaviy ekspertlar Kengashini tashkil etish tashabbusini faol qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shu bilan birga O‘zbekiston o‘zining foydali va samarali tajribasini nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyo miqyosida baham ko‘rishga chaqirdi.
Uchinchi – hamjamiyat yondashuvi. V.Chen Markaziy Osiyo davlatlarini terrorizmdan jabrlangan ayollar va bolalarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilishda ham hukumat, ham nodavlat tashkilotlarni jalb etgan holda, yaxlit yondashuvlar qabul qilinganini e’tirof etdi. Qayd etilishicha, bunday o‘ziga xos yondashuv terrorizm ta’sirining ko‘p qirrali xususiyati va ushbu illatga qarshi kurashishda jamoatchilik ishtiroki muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi.
To‘rtinchi – mintaqaviy hamkorlikning ahamiyati. Terrorizmga qarshi samarali kurashda mintaqaviy hamkorlik muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, mutaxassis fikricha, yangilangan Qo‘shma harakatlar rejasi terrorizmga qarshi kurash salohiyatini oshirish uchun moslashtirilgan texnik yordam ko‘rsatishni ta’minlaydigan maxsus mintaqaviy vositadir. Bu, o‘z navbatida, a’zo davlatlarga mavjud tahdidlarga birgalikda qarshi turish salohiyatini oshirish orqali mintaqaviy xavfsizlikni yanada mustahkamlash imkonini beradi.
Umuman, BMT Xavfsizlik Kengashi vakili o‘z ma’ruzasida nafaqat xavfsizlikka oid muammolarni hal qiluvchi, balki inson huquqini himoya qiluvchi va turli manfaatdor tomonlarni birlashtiruvchi keng qamrovli strategiya zarurligini, terrorizmga qarshi kurashda barqaror yechim topish uchun mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
G‘ayrat Xonnazarov tayyorladi.
O‘zA