Pillachilik sohasini o‘rganish maqsadida yurtimizda bo‘lib turgan Vetnam delegatsiyasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov boshchiligida Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi pillakorlar tomonidan yetishtirilgan ipak mahsulotlari bilan tanishdi. Shuningdek, pilla xomashyosini qayta ishlashga ixtisoslashgan “Shahrisabz SIlk Production” pillani qayta ishlash korxonasi faoliyatini o‘rgandi.
Tanishuv davomida har ikkala tomon soha yuzasidan o‘zaro fikr almashdi. Shuningdek, delegatsiya a’zolari Qashqadaryo viloyatidan so‘ng Surxondaryo viloyatidagi pillachilik klasterlari faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Jumladan, Termiz shahrida joylashgan “Surxon ipagi“ pillachilik klasterida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng, vetnamlik hamkorlarga “Surxon ipagi“ korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan ipak mahsulotlari ko‘rgazmasi namoyish etildi.


Korxonaning ishlab chiqarish liniyalari, uning salohiyati haqida ma’lumot almashildi. Kelajakda hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ipak mahsulotlarini Vetnam davlatiga eksport qilish yuzasidan kelishib olindi.


Uchrashuv yakunida mehmonlarga viloyat hokimining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA