Vazirlar Mahkamasining «Veterinariya xizmati mutaxassislarining malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash va ularga malaka toifalari berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, endi veterinariya xizmati mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ularga malaka toifalari berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatiladi.
Qarorda ko‘rsatilgan ma’muriy reglamentga ko‘ra, malaka oshirishga talabgor bo‘lgan veterinariya xizmati mutaxassisi davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
Malaka oshirish bo‘yicha xizmatlar quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
talabgor davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali belgilangan shakldagi ariza bilan murojaat qiladi;
Davlat xizmatlari markazi arizalarni ko‘rib chiqish uchun Samarqand veterinariya meditsinasi instituti huzuridagi Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaziga yuboradi;
Malaka oshirish markazi 3 kun muddatda ariza to‘ldirilgan ma’lumotlar belgilangan talablarga mosligini ko‘rib chiqadi va malaka oshirishga qabul qilish yoki rad etish asoslarini ko‘rsatgan holda talabgorga SMS xabar yuboradi;
talabgor va malaka oshirish markazi o‘rtasida 3 kun muddatda shartnoma imzolanadi;
talabgor shartnoma imzolangandan so‘ng (5 kun muddatda) shartnomada belgilangan to‘lovni amalga oshiradi;
Malaka oshirish markazi to‘lovni amalga oshirgan talabgorlar sonidan kelib chiqib, o‘quv kurslari kontingentini shakllantiradi va o‘qish boshlanadigan muddat to‘g‘risida talabgorlarni xabardor qiladi.
Talabgorlar arizasida noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi, shuningdek, malaka oshirish uchun belgilangan miqdordagi to‘lovni amalga oshirmaganlik davlat xizmatlari ko‘rsatishni rad etish uchun asos bo‘ladi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish qat’iyan taqiqlanadi.
O‘zA