Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi faxriy professor bo‘ldi
11:54 / 2022-10-15

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Veterinariya va chorvachilikda innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarish va joriy etishning istiqboldagi vazifalari” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

MDH va Markaziy Osiyo mamlakatlari veterinariya,  chorvachilik, qishloq xo‘jaligi  va biotexnologiya sohasining yetakchi olim va tadqiqotchilari ishtirok etgan anjumanda dastlab O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi B.Norqobilov, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori X.Yunusov mazkur tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad va ushbu yo‘nalishda yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.  

– Veterinariya sohasidagi zamonaviy profilaktika va davolash usullarining yechimlari – oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va  sifatli, ekologik toza  mahsulotlarni yetishtirishda  muhim rol o‘ynaydi – dedi X.Yunusov. – Universitetimiz olimlari, tadqiqotchilari  tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ana shu global masalani ijobiy hal qilishga qaratilgan. Bu borada muassasa ilg‘or tajribalarni o‘rganish, qo‘shni davlatlardagi va xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilishga  doim  tayyor.

Sank Peterburg davlat veterinariya meditsinasi universiteti rektori, K.Plemyashov, Moskva davlat veterinariya meditsinasi va biotexnologiyalar akademiyasi rektori S.Pozyabin, Qozog‘iston Milliy akademiyasi vitse prezidenti T.Yespolov ishtirokchilarni onlayn tarzda qutlab, anjuman ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.  

Belarus respublikasining Vitebsk davlat veterinariya meditsinasi akademiyasi  rektori Nikolay Gavrichenko u rahbarlik qilayotgan akademiya va universitet o‘rtasidagi hamkorlik yildan-yilga mustahkamlanib borayotganini ta’kidlab, muhokama etilayotgan mavzu doirasida ham bir qator istiqbolli loyihalar ko‘zda tutilganini ta’kidladi.

bugungi kunda mazkur ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi aloqalar natijasi o‘laroq tashkil etilgan qo‘shma fakultetda 40 nafarga yaqin talabalar tahsil olmoqda.  2023 yilda mazkur qo‘shma fakultet o‘zining birinchi bitiruvchilarini chiqaradi. Har ikki dargoh diplomini qo‘lga kiritadigan mazkur fakultet bitiruvchilarining salohiyati va bilimiga mutaxassislar tomonidan  katta ishonch bildirilmoqda.  

Anjuman doirasida  Vitebsk akademiyasi bilan universitetning Nukus filiali, Veterinariya ilmiy tadqiqot instituti va Qoraqo‘lchilik ilmiy tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi va shartnomalar imzolandi. Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishi va rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Bahromjon Norqobilovga Vitebsk akademiyasining faxriy professori unvoni va nishoni topshirildi.  

Xalqaro anjuman seksiyalarga bo‘lingan tarzda davom etdi. Ularda chorvachilik sohasida mahsuldor hayvonlar seleksiyasi va naslini yaxshilash, oziqlantirish, chorva mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, qishloq xo‘jaligida  zamonaviy biotexnologik usullar, ekologik toza mahsulotlar yetishtirish va saqlash texnologiyalari, veterinariyada farmatsevtika hamda o‘simliklarni himoya qilish, veterinariya chorvachiligida iqtisodiyot, ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizatsiyalashtirish, energiya tejamkor qishloq xo‘jalik texnikalarini yaratish, ulardan foydalanish va servis ko‘rsatish tizimini takomillashtirish kabi masalalar muhokama etildi.

G‘.HASANOV, O‘zA