Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Faxriddin Boboyev hamda Islom taraqqiyot banki mintaqaviy operatsiyalar rahbari Farid Ahmad Xon boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilinib, rejalashtirilayotgan loyihalarning tayyorgarlik darajasi, texnik-iqtisodiy asoslari amalga oshirish muddatlari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar loyihalarni tezkor va samarali bosqichga olib chiqish, moliyalashtirish jarayonlarini soddalashtirish hamda natijadorlikni oshirish muhimligini ta’kidlab, sohada ustuvor yo‘nalishlar — qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish masalalarini ham atroflicha muhokama qildi.
Shundan so‘ng mavjud master-rejalar tahlil qilinib, ularni Islom taraqqiyot bankining uch yillik ishchi dasturiga kiritish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni izchil davom ettirishga kelishib olindi.
Sherbek Islomov, O‘zA