Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Veterinariya sohasidagi ilmiy hamkorlik yangi bosqichda
23:21 / 2025-10-31

O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2025 yil uchun “Yo‘l xaritasi” doirasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida sohaviy malaka va tajriba almashuvga qaratilgan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Samarqand veterinariya ilmiy-tadqiqot institutining parranda, quyon, baliq va asalari kasalliklari laboratoriyasining mutaxassislari tomonidan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasining bir qator tumanlaridan tashrif buyurgan mas’ul veterinar shifokorlar, sohada faoliyat yuritayotgan xodimlar, shuningdek filialning professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdilar. Seminarning asosiy maqsadi — veterinariya sohasidagi ilmiy yangiliklarni amaliyotga joriy etish, zamonaviy tashxis va profilaktika usullarini keng qo‘llash hamda mutaxassislar malakasini oshirishdan iborat.

Tadbir davomida laboratoriya mutaxassislari hayvonlar kasalliklarini erta aniqlash, ularni oldini olish va samarali davolash bo‘yicha ilg‘or usullar haqida atroflicha ma’lumot berishdi. Shu bilan birga, parranda, quyon, baliq va asalari fermalarida kuzatilayotgan infeksion kasalliklarning kelib chiqish sabablari, ularni bartaraf etish yo‘llari hamda biotexnologik yondashuvlar bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.

Seminar ishtirokchilari mazkur tadbir orqali nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashdi. Shuningdek, ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, sohaviy innovatsiyalar va tajriba almashuvini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashishdi. Shu nuqtai nazardan mazkur tadbir veterinariya tizimida ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri