Bu bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan 2022 yil 13 iyun kuni o‘tkazilgan standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohasidagi samaradorlikni oshirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida alohida topshiriq berilgan edi.
Yig‘ilishda zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, ishlab chiqaruvchilarga ko‘maklashish, eksportni ko‘paytirish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohalarida samaradorlikni oshirish, muvofiqlikni baholash jarayonlariga zamonaviy uslublarni joriy qilish masalalari muhokama qilingan edi.
Prezidentimiz belgilab bergan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tarkibidagi Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat ilmiy markazining Farg‘ona, Qashqadaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlaridagi filiallari ISO/IEC 17025 standarti bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Shuningdek, markazning “Veterinariya-sanitariya ekspertiza, mikrobiologiya va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi” va “Chorva mollari, parrandalar va baliqlar ozuqasi kimyoviy tarkibini tahlil qilish” laboratoriyasi Turk akkreditatsiya markazi (TURKAK) mutaxassislari tomonidan ISO 17025-2019 xalqaro talabi bo‘yicha yuqori baholandi.
Turk akkreditatsiya markazi Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi laboratoriyalarini ISO/IEC 17025:2017 standarti talabi doirasida xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazdi. Besh yillik akkreditatsiya sertifikati berildi.
O‘zA