Buxoro viloyati Shofirkon tumanida veterinariya bo‘limiga mahalliy byudjet mablag‘laridan jami 148,7 million so‘m ajratildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan tuman hududidagi 12 ta veterinariya uchastkasi zamonaviy texnika vositalari hamda zarur jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi.
Xususan, veterinariya mutaxassislarining kundalik xizmat faoliyatini samarali tashkil etish, hayvonlar salomatligini muhofaza qilish va kasalliklarning oldini olish ishlarini sifatli amalga oshirish maqsadida veterinariya preparatlarini saqlash uchun muzlatgichlar, vaksina va biologik mahsulotlarni tashishga mo‘ljallangan termosumkalar, dezinfeksiya vositalari, maxsus xizmat kiyimlari, veterinariya tadbirlarini o‘tkazish uchun boshqa zarur anjomlar xarid qilindi.

Ushbu jihozlar belgilangan tartibda veterinariya uchastkalariga yetkazib berilib, ularning moddiy-texnik ta’minoti sezilarli darajada yaxshilandi.
Shu bilan birga, tuman hududida veterinariya xizmatlarini aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga yanada yaqinlashtirish, chekka va olis hududlarda joylashgan chorvachilik xo‘jaliklariga tezkor xizmat ko‘rsatish maqsadida mazkur uchastkalardan 5 tasi moto-skuterlar bilan ta’minlandi.
Mazkur transport vositalari veterinariya xodimlariga hududlarda o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatish, profilaktik tadbirlarni tezkor amalga oshirish, hayvonlar o‘rtasida yuqumli kasalliklarni erta aniqlash hamda ularning tarqalishini oldini olish ishlarini samarali tashkil etish imkonini yaratadi.
Amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlar veterinariya xizmatlari sifatini yanada oshirish, hayvonlar salomatligini muhofaza qilish, yuqumli kasalliklarning oldini olish, aholi hamda chorvachilik sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning veterinariya tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, mazkur ishlar chorvachilik sohasida mahsuldorlikni oshirish, aholi uchun sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish va mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri