VEON - NASDAQ va Euronext Amsterdam birjalar ro‘yxatiga kiritilgan, aloqa xizmatlari va raqamli xizmatlarni yetkazib beruvchi global provayderi hisoblanadi. Kompaniya dunyoning eng tez rivojlanayotgan bozorlarini qo‘llab-quvvatlovchi texnologiya xizmatlari bilan turmush tarzini o‘zgartirshiga xizmat qiladi.
Mazkur global raqamli operator mamlakatimizda IT-ta’limni rivojlantirish va uni sifat jihatidan o‘sishiga qaratilgan islohotlarda faol ishtirok etmoqda. Xususan, kompaniya tomonidan yurtimizni Markaziy Osiyoning yirik IT habiga aylantirishga qaratilgan qator yirik loyiha va tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Ushbu ma’lumotlar "VEON" telekommunikatsiya xoldingi rahbariyatidan iborat delagatsiya a’zolari IT parkka tashrifi chog‘ida aytib o‘tildi.
Mazkur tashrif O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgan "VEON" direktorlar kuzatuv kengashining yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Delegatsiya a’zolari IT parkda yaratilayotgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, o‘zlarining investitsiyalarini kiritish, yoshlarni ish bilan ta’minlash, eksport hajmini oshirish kabi masalalarni muhokama qildi.
Shu bilan bir qatorda, hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, mamlakatimizda professional kadrlar yetishtirish bo‘yicha tizimli ishlar haqida suhbat tashkil etildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning raqamli ekotizimini jadal rivojlantirish uchun “VEON” raqamli reklamaga ixtisoslashgan OTM Global bo‘limining mintaqaviy markazini ochadi. Kelgusi yilda yangi OTM bo‘limi O‘zbekistonning Toshkentdagi yangi IT parkida ishlash uchun 70 ga yaqin yuqori darajadagi AdTech mutaxassislarini yollaydi. Dastlab, kompaniya Markaziy Osiyo bozorlari uchun raqamli reklama xizmatlariga e’tibor qaratadi va kelgusi bir necha yil ichida jahon bozoriga chiqishni rejalashtirmoqda.
“VEON”, shuningdek, Big Data va kiberxavfsizlik sohasida tajribani ommalashtirib, BeeLabning O‘zbekistondagi raqamli bo‘linmasini kengaytiradi. 2023-yil oxiriga qadar VEON BeeLab mutaxassislari sonini deyarli ikki barobarga, ya’ni 130 dan 250 gacha ortiq kishiga oshirishni ko‘zda tutadi. Shuningdek, O‘zbekistonda sohaning kadrlar resurslarini ma’lumotlar fanlari, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, "scrum" metodologiyasi va yechimlari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar bilan mustahkamlashni rejalashtirmoqda. Yangi xodimlarni jalb qilish orqali BeeLab O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi bank sektori va fintech mijozlari uchun ma’lumotlar tahlili va kiberxavfsizlik bo‘yicha ishlarni kengaytirmoqda.
Go‘zal Sattorova, O‘zA