Farg‘ona davlat universiteti dunyo mamlakatlari oliy o‘quv yurtlari bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda. Quvonarlisi, oliygoh o‘zining xalqaro hamkorlik ufqlarini yanada kengaytirish, ilm-fan rivojini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish bo‘yicha o‘z tajribasiga ega.
Joriy yil Vengriyaning Eotvos Lorand universiteti bilan o‘rnatilgan hamkorlik rishtalari yanada mustahkamlanmoqda. Mazkur xalqaro oliygoh va Farg‘ona davlat universiteti olimlari o‘rtasida onlayn muloqot o‘tkazilib, hamkorlikning istiqbolli rejalari belgilab olindi. Unda har ikki oliygoh mas’ul prorektorlari, professor-o‘qituvchi va ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Dastlab muloqot ishtirokchilari tomonidan birgalikda xalqaro konferensiyalar tashkil etish, doktorantlar tayyorlash sifatini yanada yaxshilash va pedagog-kadrlarni malakasini oshirishda tajribalarni uyg‘unlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Farg‘ona davlat universiteti va Vengriyaning Eotvos Lorand universiteti o‘rtasida uzumchilik - bog‘dorchilik yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma fakultet tashkil etish masalasi yuzasidan kelishuvga erishildi. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlarini yaratish, venger mutaxassislarini Farg‘ona davlat universitetiga qisqa muddatli ma’ruzalarga taklif qilish, Vengriya OTM bazasida o‘qituvchilarning malakasini oshirish, qo‘shma ilmiy nashrlar, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Vengriya universitetlari bilan kimyoviy texnologiyalar, energetika, mashinasozlik, sanoat texnologiyalari, biotexnologiya, sug‘orish va suv resurslari, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, farmatsevtika sohalarida hamkorlik o‘rnatish va rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Vengriyaning Eotvos Lorand universiteti vakillari Boburiylar merosini birgalikda tadqiq etish taklifini bildirdi.
Qayd etish joizki, Prezidentimiz uzumchilik sanoatini rivojlantirishda Farg‘ona davlat universiteti tajribalariga ishonch bildirar ekan, Vengriya universiteti bilan hamkorlikda tashkil etiladigan qo‘shma fakultet qishloq xo‘jaligi sohasi uchun malakali kadrlarni tayyorlashga munosib xizmat qiladi.
M.Sulaymonov, O‘zA