Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida Samarqand shahridagi “Silk Road Minyoun” mehmonxonasida o‘zbek-vengr biznes forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etayotgan forum O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida o‘zaro munosabatni har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan.

Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev ushbu voqea, aynan, Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti oldidan o‘tayotganida ramziy ma’no borligini ta’kidladi.

– Ikki tomonlama o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Delegatsiya vakillari oldida qayd etamanki, yirik investitsion loyihalar ustida ishlash, tadbirkorlarimiz o‘rtasida uzviy aloqani rivojlantirishdan manfaatdormiz, – dedi J.Xo‘jayev.

Forumda, shuningdek, Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto ham nutq so‘zladi. U mazkur yig‘ilishda 40 dan ziyod korxona vakillari ishtirok etayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Tadbirning birinchi qismida hujjatlar almashish va imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Forum davom etyapti.
Biznes-forum doirasida O‘zbekiston va Vengriyaning vazirlik, idoralari, tarmoq birlashmalari, banklari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari o‘rtasida “G2B” va “B2B” uchrashuvlar ham tashkil etiladi.
Mazkur forum to‘g‘risida O‘zAda batafsil axborot berib boriladi.
Behruz Xudoyberdiyev,
Mohigul Qosimova,
O‘zA muxbirlari
Samarqand shahri