French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vengriyadagi zafarli odim Rossiya ringlarida davom etadimi?
10:35 / 2023-02-12

Vengriyaning Debretsen shahrida o‘tkazilgan xalqaro turnirda mamlakatimiz bokschilari 6 ta medalni qo‘lga kiritib, 30 ga yaqin ishtirokchi davlatlar orasida munosib natija qayd etdi.

Besh kun davom etgan turnirda O‘zbekiston terma jamoasining ikkinchi tarkibi bilan qatnashgan vakillarimiz jahon va qit’a chempionatlarining g‘oliblari, Olimpiya o‘yinlarining sovrindorlari bilan jang olib bordi.

Musobaqada Qozog‘iston, Belgiya, Vengriya, Ukraina, Avstraliya kabi qator jamoalar asosiy tarkib bilan ishtirok etdi. Turnirda jahon boksida o‘z nomiga ega ukrainalik Aleksandr Xejnyak, qozog‘istonlik Oybek Oralboy, Avstraliya vakili Garri Garsayda, belgiyalik Vasil Usturoyem kabi tajribali bokschilarning qatnashganligi 64 bor o‘tkazilgan turnir nufuzini belgilab berdi.

Bahslar yakuniga ko‘ra, 54 kilogrammda Oybek Jo‘rayev oltin, 51 kilogrammda Ziyovuddin Alijonov va 80 kilogrammda ringga ko‘tarilgan To‘rabek Habibullayev kumush hamda Samandar Xolmurodov (57), Aydos Tagaybayev (63,5), Rahmatillo Boymatov (80) bronza medallariga musharraf bo‘ldi.

Vengriyadagi turnir zavqi poyoniga yetish arafasida yosh bokschilarimiz Rossiyaning Komsomolsk shahrida tashkil etiladigan an’anaviy turnirga jo‘nab ketdi.

Joriy yil 12-19 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan mazkur musobaqada mamlakatimizning 13 nafar charm qo‘lqop ustasi sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.

Ushbu turnirda O‘zbekiston boks federatsiyasi hakamlar kengashi a’zosi Sahida Yaqubova hakam sifatida faoliyat ko‘rsatadi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA