Vengriyada o‘qituvchilar namoyishga chiqishdi
Kecha Vengriya poytaxti va mamlakatning boshqa 15 shahrida o‘qituvchilarni davlat xizmatchisi maqomidan mahrum qiluvchi qonunga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Euronews” telekanali xabar berdi.
Budapeshtda 1 ming 500ga yaqin namoyishchi Ichki ishlar vazirligi binosi oldida to‘plandi. Aksiya ishtirokchilarining so‘zlariga ko‘ra, mazkur qonun o‘qituvchilarning mehnat sharoitini yomonlashtiradi va ularning ish yukini sezilarli darajada oshiradi.
Namoyish o‘qituvchilar ish haqini oshirish talab qilingan qator miting va ish tashlashdan so‘ng bo‘lib o‘tdi.
Aksiya ishtirokchilari mazkur hujjatni “qasos qonuni”, deb atamoqda.
“Bu masalaga bir necha ming o‘qituvchining muammosi sifatida qarash kerak emas. Muhimi, umumiy maqsadimizga erishish uchun ijtimoiy birdamlikni shakllantirish lozim”, deydi o‘qituvchilar.
Aksiya ishtirokchilari bilan politsiya o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lmagan.