Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vengriyada Alisher Navoiyga bag‘ishlab byust o‘rnatildi
09:17 / 2024-10-14

Mamlakatimizning Budapeshtdagi elchixonasi ko‘magida Vengriyaning Lakitelek shahrida ulug‘ mutafakkir bobokalonimiz Alisher Navoiyga bag‘ishlab o‘rnatilgan byustning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Madaniyat vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu byust Vengriya-O‘zbekiston diplomatik aloqalari tarixida O‘zbekistonga bag‘ishlab Vengriyada ochilgan birinchi madaniy yodgorlikdir.  Ushbu loyiha vengriyalik haykaltarosh Dyordji Lantos tomonidan amalga oshirilgan.   

Byustning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tojixonov, mamlakatimizning Vengriyadagi elchisi Oybek Shaxavdinov, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ilyosbek Arabov va boshqa madaniyat hamda san’at vakillari ishtirok etdi.     

Tadbirda Vengriya davlat parlamenti spikeri o‘rinbosari Shandor Lejak, Tashqi ishlar va savdo vazirligining xavfsizlik siyosati bo‘yicha davlat kotibi Piter Staray, Madaniyat va innovatsiyalar vazirligining madaniyat masalalari bo‘yicha davlat kotibi Magdolna Zavogya hamda siyosiy, madaniy doira vakillari, olimlar, jurnalistlar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.   

Ishtirokchilar Alisher  Navoiy byusti poyiga gulchambarlar qo‘ydilar.     

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari  Avazxon Tojixonov va boshqalar so‘nggi yillarda Alisher Navoiyning boy ijodiy merosini chuqur o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijda keng targ‘ib qilish, xotirasini abadiylashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganini e’tirof etdi.   

Turkiy dunyoning ilm-fan, madaniyat va san’at sohalaridagi taraqqiyotiga hissa qo‘shgan atoqli shaxslarni taqdirlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Alisher Navoiy nomidagi mukofot ta’sis etilgani ta’kidlandi.   

Navoiyshunos olim, akademik Sh.Sirojiddinov hozirda Tokio, Seul, Shanxay, Vashington, Moskva, Minsk, Ostona, Boku, Ashxobod, Dushanbe, O‘sh kabi shaharlarda Navoiyning siymosi aks etgan haykallar o‘rnatilganini hamda endilikda ular qatoriga Lakitelek shahri ham qo‘shilgani katta g‘urur va iftixor bag‘ishlayotganini bildirdi.   

O‘zbekistonning Vengriyadagi elchisi O.Shaxavdinov Navoiy asarlarida  do‘stlik, inson kamoloti kabi mavzularning tarannum etilishi zamon va chegaralardan oshib, uni jahon adabiyotida bashariyat shoiri  mavqeiga olib chiqqanini qayd etdi.   

–Bu yodgorlik haykaltarosh Dyordji Lantosning ajoyib ijodi bo‘lib, uning badiiy qarashlari Navoiy ruhining mazmun-mohiyatini o‘zida ifoda etadi, – dedi O.Shaxavdinov.  –  Lantosning ijodiy ishi an’anaviy va zamonaviy uslublarni mohirlik bilan uyg‘unlashtirgan.     

Vengriya davlat parlamenti spikeri o‘rinbosari Shandor Lejak o‘z nutqida ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va qo‘llovi bilan hozirgi vaqtda Vengriyaning turkiy dunyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston bilan asriy rishtalari qayta tiklanayotganini yuqori baholadi. 

–Biz bobolarimiz kindik qoni to‘kilgan yurtga hurmatimiz belgisi sifatida qardosh o‘zbek xalqining farzandi Alisher Navoiyga bag‘ishlangan byustni yurtimizda o‘rnatishdan juda  mamnunmiz, – dedi Sh.Lejak. – Ushbu yodgorlik bugun venger va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi mangu do‘stlikka asos soldi. Madaniy aloqalarimizdagi bugungi tarixiy voqea munosabati bilan ikki mamlakat xalqlarini samimiy qutlayman.    

–  Navoiy byustining yurtimizda qad ko‘tarishi Bosh vazirimiz Viktor Orban va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi yaqin do‘stlik va birodarlik aloqalarining natijasidir. Yurtingiz bilan strategik sheriklikni barcha sohalarda taraqqiy ettirishdan manfaatdormiz, – dedi Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi davlat kotibi P.Staray.   

Notiq o‘z so‘zida ko‘p asrlar avval ikki xalqning ajdodlari bir vatanda dunyoga kelgani hech qachon unutilmasligi hamda Vengriya Turkiy davlatlar, xususan O‘zbekiston bilan tenglik va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarni rivojlantirishga intilayotganini qayd etdi.    

Tadbirda shuningdek, Vengriyaning “Sharqqa nigoh” siyosati doirasida turkiy davlatlar bilan aloqalar, xususan madaniy hamkorlik rivojlanayotgani alohida ta’kidlanib, Alisher Navoiyga o‘rnatilgan byust venger va o‘zbek xalqlari o‘rtasida ming yillar davomida madaniy ko‘prik bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.     

Tadbir davomida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ilyos Arabov boshchiligidagi san’atkorlar jamoasi buyuk mutafakkir Alisher Navoiy g‘azallariga bastalangan mumtoz qo‘shiqlarni ijro etdi.   

Ushbu tadbir O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi strategik sheriklik ruhiga mos tarzda do‘stona va samimiy muhitda o‘tdi.   

N.Usmonova, O‘zA