Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vengriya YeI tizimida alohida blok tuzmoqchi
19:56 / 2025-10-29

Vengriya Chexiya va Slovakiya bilan birlashib, Yevropa Ittifoqi tarkibida Ukrainaga nisbatan tanqidiy yondashuvni ilgari suradigan yangi siyosiy blok tuzishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Politico” nashri Bosh vazir Viktor Orbanning siyosiy maslahatchisi Balaj Orbanga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, Budapesht fikricha, ushbu loyihaga Pragada so‘nggi saylovda g‘alaba qozongan Andrey Babish va Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso rahbarlik qiladi. Shuningdek, uch davlat rahbarlari YeI sammitlari oldidan umumiy qarashni shakllantiradi.

Bunday tuzilma hozircha rasman tuzilmagan bo‘lsa-da, tashabbusning o‘ziyoq Kiyevga ko‘rsatilayotgan moliyaviy va harbiy yordam jarayonini murakkablashtirishi mumkin.

Balaj Orban bu g‘oyani 2015 yil yuzaga chiqqan migratsiya inqirozi davrida faollik ko‘rsatgan “Vishegrad to‘rtligi” (Polsha, Chexiya, Slovakiya va Vengriya ittifoqi) bilan qiyosladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya – Ukraina urushi boshlangach, mazkur formatda jiddiy ixtilof paydo bo‘lgan va endi ehtimoliy birlashma Polsha ishtirokisiz uchlik shaklida faoliyat yuritishi mumkin.

Binobarin, mutaxassislar ta’kidlashicha, Fitso hali Orban bilan muayyan siyosiy yo‘nalishda hamkorlik boshlamagan, Chexiyada esa Babish hukumat tuzish jarayoni bilan band.

Vengriya rahbari maslahatchisi esa yangi jamoa tarkibiga faqat hukumatlar emas, balki Yevroparlamentdagi ayrim partiyalar ham qo‘shilishi mumkin.

Kreml ushbu tashabbusga munosabat bildirdi. Xususan, Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ayni sa’y-harakatni G‘arb mamlakatlarining o‘z huquqini himoya qilishga intilishi sifatida baholadi.

– Yevropadagi ko‘p davlatlar militaristik kayfiyatda bo‘lsa-da, ba’zilari o‘z huquqini himoya qilish yo‘lida qadam tashlamoqda, – degan Peskov.

D.Hakimov, O‘zA