Turkiy davlatlar tashkiloti anjumanlarda Vengriya muntazam ravishda kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi. Yevropa Ittifoqi a’zosi, bir qarashda turkiy til yoki madaniyatga aloqador bo‘lmagan bu davlatning tuzilmadagi ishtiroki, bevosita hukumat rahbari darajasidagi faolligi ko‘pchilikni hayron qoldiradi.
Xo‘sh, Vengriyani TDT bilan nima bog‘laydi?
Tarixiy ildizlar
Vengriya Yevropa markazidagi joylashgan bo‘lsa-da, Islom dini va turkiy madaniyatga begona bo‘lmagan tarixga ega mamlakat. Qadimdan bu hududda musulmonlar ham yashab kelgan. Vengrlarni Sharqda mojarlar, deyishgan va bugungi kunga qadar ayni atama saqlanib qolgan. Vengr tilida turkiy so‘zlar ko‘p uchraydi. Bu yurt qishloqlarida yashovchi dehqonlar, hunarmandlar, umuman oddiy xalq turmush tarzida turk madaniyati ta’siri kuchli.
Qadim vengrlar Osiyoda yashagan va IX asrda Ural daryosi bo‘yidan Yevropaga ko‘chgan. Vengriyaning davlat tili – mojar Ural tillari oilasiga mansub.
Zamonaviy dunyo
Ayni payt dunyoda iqtisodiy hamkorlik aksariyat siyosiy qarashlarni chetga surayotgan vaziyat hukm surmoqda. Vengriya sotsializm ta’sirida ancha vaqt yo‘qotib, oxir-oqibat erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tgan va izchil rivojlanayotgan mamlakat hisoblanadi.
Davlatning hozirgi yetakchisi Viktor Orban mamlakati taraqqiyoti uchun yangilik tatbiq etishdan qo‘rqmaydigan, faol islohot o‘tkazayotgan, xalqaro tashkilotlar, davlatlar bilan va o‘zaro foydali munosabatga doim xayrixohlik bildiradigan siyosatchi.
Vengriyaning O‘zbekiston bilan munosabati ham juda yaxshi. Ikki rahbar bir-birini do‘st ataydi. TDT Samarqand sammitiga Viktor Orban birinchi bo‘lib yetib keldi, ikki davlat ishbilarmonlari ishtirokidagi biznes-forum anjuman dasturini bezadi.
Kelajak
Umuman, Vengriya turkiy dunyo bilan tarixiy ginalarni unutib, hamkorlikning yangi shakllarini yo‘lga qo‘yishga intilmoqda.
Rahbarlarning turli jabhada, jumladan Turkiy davlatlar sammiti doirasidagi qator uchrashuvlar ham kelajakda tinchlik, iqtisodiy hamkorlikka kzmaklashadigan ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan.
M.Pirmatova, O‘zA