English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vengriya va O‘zbekiston: TDT doirasidagi hamkorlikning yangi ufqi
16:31 / 2025-09-10

Vengriya Bosh vaziri siyosiy direktori idorasi – Davlat kotibi o‘rinbosari Marton Ugroshdi O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi. Xususan, Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida ta’lim, ilm-fan aloqalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganiga urg‘u berdi:

– Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad TDT mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston va Vengriya talabalari uchun bir-birlari oliy o‘quv yurtlarida tahsil olish, qo‘shma tadqiqot loyihalarida ishtirok etish imkonini beruvchi tuzilma va moliyalashtirish mexanizmini yaratish tashabbusini muhokama qilish.

Oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan TDT sammiti doirasida talabalarga nafaqat tabiiy, balki ijtimoiy fanlar bo‘yicha ham qisqa muddatli amaliyot va tadqiqot o‘tash nazarda tutiladigan dastur qabul qilish taklifini kiritdik. Bu mamlakatlarimizga suv resurslarini boshqarishdan tortib, sun’iy intellekt va iqlim o‘zgarishigacha bo‘lgan dolzarb muammolar yuzasidan birga ishlash imkonini beradi.

Hozir o‘zbekistonlik talabalar Vengriyada to‘liq oliy ma’lumot olish uchun “Stipendium Hungaricum” dasturidan muvaffaqiyatli foydalanmoqda. Afsuski, ayni jarayonda qisqa muddatli harakatchanlikni ta’minlaydigan moslashuvchan mexanizm yetishmayapti. Yangi tashabbusimiz aynan shu muammoni bartaraf etishga qaratilgan. Ya’ni, gap to‘liq o‘quv dasturi o‘rniga bir necha hafta yoki oy davomida TDT tarkibidagi boshqa mamlakatlar ta’lim muhitiga uyg‘unlashish imkonini beradigan qisqa muddatli loyihalar haqida ketyapti. Shuningdek, umumiy tariximizni o‘rganish va bugungi kunning dolzarb masalalari ustida ish olib borish uchun O‘zbekistonda vengriyalik talabalar ko‘proq bo‘lishi tarafdorimiz.

O‘zbekiston Vengriyaning mintaqadagi ishonchli sherigi. Bu zaminda tashabbuslarimiz muntazam qo‘llab-quvvatlanayotganidan behad mamnunmiz. Shu bilan birga oliy ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishimiz zarur.

Ayni jarayonda hududlar va ta’lim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, Vengriya kompaniyalarini O‘zbekistondagi loyihalarga faolroq jalb qilish muhim. Masalan, sanoat parklari va innovatsion markazlarni ishga tushirish, qo‘shma tadqiqot olib borish istiqbolli rejalar sirasiga kiradi.

Marton Ugroshdining Toshkentga tashrifi O‘zbekiston – Vengriya hamkorligini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam, deyish mumkin. Zero, TDT doirasida ta’lim va ilmiy almashinuvni rivojlantirish, mintaqa yoshlarini qo‘llab-quvvatlash, global tahdidlarga birgalikda yechim topish mamlakatlarimiz yanada jipslashuvi yo‘lida yangi ufqlar ochmoqda.

Abduaziz Xidirov, O‘zA