French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vengriya elchisi Sirdaryoda
16:17 / 2024-03-02

Sirdaryo viloyat hokimi, senator Akmaljon Mahmudaliyev Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yojef Rojani qabul qildi. Uchrashuvda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va yaqin istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida so‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakati bilan O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida ko‘plab sohalarda hamkorlik imkoniyatlari kengayayotgani alohida ta’kidlandi.

Vengriyaning yirik farmatsevtika kompaniyalari ishtirokida viloyat hududida dori vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlash, parrandachilik, baliqchilik yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida aloqalarni kengaytirish kabi masalalar uchrashuv kun tartibining asosini tashkil etdi.

Shuningdek, tegishli mas’ullar va ishbilarmonlardan iborat Sirdaryo viloyati delegatsiyasining Vengriyaga safarini rejalashtirish va bu bo‘yicha birgalikda ish tashkil etishga kelishib olindi.

Yojef Roja viloyatimizga tashrifi davomida bir qator yirik tadbirkorlik subyektlari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.

Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri