FOTOREPORTAJ
Vengriyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Yojef Roja boshchiligidagi delegatsiya Namangan viloyatiga tashrif buyurdi.
Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov keyingi yillarda viloyatda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar, kun sayin mustahkamlanib borayotgan ishbilarmonlik muhiti, Namanganning tashrif qog‘oziga aylangan xalqaro “Gullar festivali” haqida ma’lumot berdi. O‘z navbatida elchi janoblari Namangan viloyati va uning bugungi salohiyati haqida iliq fikrlar bildirib, ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabati o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarayotganini ta’kidladi.
Samimiy muloqot davomida yaqin kunlarda Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan O‘zbekiston – Vengriya biznes forumi doirasida viloyatga xorijiy investitsiyalarni ko‘proq jalb etish, tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Yojef Roja samimiy qabul va o‘zbekona mehmonnavozlik uchun minnatdorlik bildirib, bu yil Namanganda bo‘lib o‘tadigan 63-Xalqaro gullar festivalida, albatta, ishtirok etishini bildirdi.
Vengriya vakillari ayni paytda Namangan viloyatidagi bir qator yirik tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda. Ular “Fazman tekstil” MCHJda bo‘ldi.
[gallery-15761]
Mazkur korxona Yevropa standartlariga mos keladigan tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Loyihaning umumiy qiymati 40 million AQSH dollarini tashkil etib, to‘liq ishga tushishi hisobiga 3 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Birinchi bosqich uchun jami 20 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ sarflanib, 1 ming 500 nafar yangi ish o‘rni yaratildi. Germaniya va Turkiya davlatlaridan keltirilgan zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan korxona yiliga 1 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Yillik eksport hajmi 15 million AQSH dollarini tashkil etadi. Bu yerda mashhur brend ostida kostyum-shim, shuningdek, erkaklar, ayollar va bolalar kiyimlari ishlab chiqarilmoqda.
Elchi Yojef Roja korxona faoliyati bilan tanishib, ish uslubi va o‘zaro hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqishini aytdi.
Delegatsiya Davlatobod tumanidagi “Art Soft Cluster” xolding kompaniyasi bilan ham tanishdi.
Korxona ta’sischisi va xalqaro aloqalar bo‘yicha menejer, elchiga ishlab chiqarish hajmi va mahsulotlar turi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Mehmonlar korxonaning ishlab chiqarish jarayoni va “Shouroom”dagi tayyor mahsulotlar namunasi bilan tanishdi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA