Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Vengriyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kovach Dyula boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
O‘zbekiston jahonning ko‘plab davlatlari bilan iqtisodiy, madaniy va turistik sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Turli mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish borasidagi ishlar ko‘lami esa yildan yilga ortib bormoqda. Jumladan, Vengriya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanib, keyingi yillarda savdo-sotiq, xizmatlar hajmi 100 million AQSH dollaridan ortganligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda tomonlar Andijonda Yevropa, xususan, fransuz taomlarining eng mashhur brendi - FUA-GRA delikatesini ishlab chiqarish loyihasi yuzasidan muhokama o‘tkazdi.
[gallery-8244]
Mazkur loyihaning umumiy qiymati 500 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Loyiha amalga oshirilishi bilan 2 million 880 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilinishi ko‘zda tutilgan. Eng muhimi, loyiha doirasida 550 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan.
FUA-GRA delikatesi o‘ziga xos texnologiya va retseptlar asosida maxsus boqilgan g‘oz va o‘rdak go‘shtidan tayyorlanadigan taom bo‘lib, nafaqat Fransiyada, balki Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida mashhur. Aslida Fua Gra tayyorlash tarixi bir necha yuz yillarga borib taqaladi. Faqat XVIII asrga kelib Fransiya milliy taomlari qatoridan o‘rin olgan.
Shuningdek, uchrashuvda loyihaning o‘ziga xos jihatlari, xorijiy investorlar uchun yurtimizda yaratilgan shart-sharoitlar xususida ham fikr-mulohazalar bildirildi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA