Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Vengriya davlat boshqaruvi va hududiy rivojlanish vaziri Tibor Navrachich Samarqandga keldi.
Viloyat hokimi Adiz Boboyev bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi yaqin hamkorlik va do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilayotgani qayd etildi.

Muloqot davomida Samarqand shahrida Vengriyaning "Smart Sity" modelini joriy etish, davlat boshqaruvini modernizatsiyalash, raqamlashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Adiz Boboyev Samarqand 1 million aholi yashaydigan shaharga aylanayotgani va uni har tomonlama rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. “Smart Sity" modelini qo‘llash Samarqandning zamonaviy qiyofasini yanada jozibador qilishi va aholi uchun qulayliklar yaratishini ta’kidladi.

Uchrashuvda Tibor Navrachich Samarqandning shahar va tumanlaridan biri bilan Vengriya shaharlari o‘rtasida birodarlashgan shahar munosabatlarini o‘rnatish taklifini bildirdi. Bu borada ham hamkorlikda ish olib borishga kelishib olindi.
Vengriya delegatsiyasi Samarqandga safari davomida shahardagi tarixiy- madaniy yodgorliklar va turizm ob’ektlarida ham bo‘ldi.
G‘. Hasanov, O‘zA muxbiri