Tibbiyot xabarlari
Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yojef Roja bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda qayd etilganidek, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi transformatsiyasi jarayonida Vengriya bilan o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor.
Bugungi kunda ushbu mamlakat bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha aniq rejalar va istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olingan. Xususan, joriy yil iyul oyida yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimi mas’ullaridan iborat guruhning hukumatimiz delegatsiyasi tarkibida Vengriyaga tashrifi doirasida ham tibbiyot sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator muhim kelishuvlar imzolangan edi.
Jumladan, hozir ushbu mamlakatning bir qancha nufuzli farmatsevtika korxonalari bilan Vengriya dori vositalarining yurtimizda ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish, sifat nazorati, shuningdek, farmatsevtika xodimlarining malakasini oshirish kabi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda ana shu loyihalar ijrosini jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida tibbiy ta’lim sohasidagi hamkorlikni faollashtirish masalasi ham muhokamalar markazida bo‘ldi.
Jumladan, Vengriyaning Zemmelvays, Debretsen kabi nufuzli universitetlari bilan birgalikda tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash, akademik almashinuv va qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, Vengriya hukumati tomonidan “Stipendium Hungaricum” dasturi doirasida O‘zbekiston fuqarolariga ushbu xorijiy mamlakat oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida o‘qish uchun yiliga jami 170 tadan ta’lim grantlari ajratib kelinmoqda.
Ta’kidlanganidek, ushbu dastur ham tibbiy ta’lim sohasidagi hamkorligimizni rivojlantirish, shu jumladan, o‘zbekistonlik yoshlarning Vengriyaning tibbiyot oliygohlarida Yevropa standartlari asosida o‘qishi uchun yaxshi imkoniyatdir.
Muzokaralar davomida Vengriyaning yetakchi universitetlari o‘qituvchi va professorlarini yurtimizdagi tibbiy oliygohlar hamda tibbiyot markazlarida ma’ruzalar o‘qish, amaliy mashg‘ulotlar va mahorat darslarini o‘tishga jalb qilish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Hududlardagi maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari oshxonalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanadi
AQSHning “Mercy Corps” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti, Maktabgacha ta’lim agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamkorligida "Nukus shahrida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida oziq-ovqat xavfsizligining tamoyillarini o‘rganish va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish” yuzasidan malaka oshirish treninglari o‘tkazilmoqda.
Xo‘jayli, Taxiatosh, Nukus, Chimboy, Qorao‘zak, Kegeyli tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining direktor, xo‘jalik mudiri va oshpazlari ishtirok etgan mazkur treningda oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz tayyorlash va saqlash tushunchalari, MTTda xo‘jalik bo‘lim boshlig‘i, bosh oshpaz va oshpazlarning majburiyatlari, maktabgacha yoshdagi bolalar uchun to‘yimli, xavfsiz ovqatlanishni tashkil etish yuzasidan bilimlar berildi. DMTT oshxonalariga qo‘yiladigan talablar, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish va saqlash hamda ovqat tayyorlash uchun sanitariya-gigiyenik, dezinfeksiyalash vositalarini saqlash qoidalari tushuntirildi. “Mercy Corps” xalqaro NNT tomonidan taqdim etilgan oshxona jihozlari va suvni filtrlash tizimlaridan foydalanish qoidalari haqida so‘z yuritildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA