Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori Nozliya Normurodova hamda universitet huzuridagi “O‘zbek maktabi” o‘qituvchisi Durdona Ermatova xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Italiyaning nufuzli Ka-Foskari universitetiga tashrif buyurishdi.
Tashrif davomida professor Nozliya Normurodova Ka-Foskari universiteti talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun “O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimidagi zamonaviy islohotlar: yutuqlar va istiqbollar” mavzusida ma’ruza o‘qidi.
Unda O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, akademik erkinlikni kengaytirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi yutuqlar tahlil qilindi.

Durdona Ermatova esa Ka-Foskari universitetining Osiyo va Shimoliy Afrika tadqiqotlari bo‘limi talabalari uchun o‘zbek tili va madaniyatiga bag‘ishlangan amaliy mashg‘ulotlarni boshladi. Bir oy davomida u o‘zbek tilining fonetika va grammatika xususiyatlari, leksik boyligi, shuningdek, o‘zbek xalqining boy madaniyati va tarixiga oid bilimlarni zamonaviy pedagogik usullar asosida yetkazadi.
Shuningdek, Nozliya Normurodova Ka-Foskari universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, atrof-muhit kimyosi professori Antonio Markomini bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Xususan, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, “Boburnoma” xalqaro platformasini yaratish loyihasini amalga oshirish, Erasmus+ dasturidan tashqari yangi hamkorlik loyihalarini boshlash, shuningdek, Ka-Foskari universitetida xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan “Mehmondo‘stlik innovatsiyalari va elektron turizm” yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturini ochish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida Nozliya Normurodova Ka-Foskari universiteti professori, san’atshunoslik bo‘yicha doktor Silviya Burini bilan ham uchrashdi. Silviya Burini — Ka-Foskari universiteti qoshidagi Rossiya san’ati tadqiqot markazi (CSAR) direktori bo‘lib, u O‘zbekiston san’ati va madaniyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga katta hissa qo‘shmoqda. Jumladan, u 2024 yil aprel oyida Italiyada bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston: Sahrodagi avangard” nomli xalqaro ko‘rgazmaning kuratori bo‘ldi. Ushbu ko‘rgazma Venetsiyadagi Ka-Foskari universiteti va Florensiyadagi Pitti saroyida tashkil etilib, O‘zbekistonning XX asr boshlariga oid san’at asarlarini, jumladan, Nukusdagi I.Savitskiy nomidagi Davlat san’at muzeyi va O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi kolleksiyalarini ilk bor Yevropa auditoriyasiga taqdim etdi.
Tashrif davomida Ka-Foskari universitetida O‘zbekiston burchagi ochildi. Ushbu burchak o‘zbek madaniyati, adabiyoti, tarixi va zamonaviy taraqqiyotiga oid kitoblar va milliy suvenirlar bilan bezatildi. Bu tashabbus O‘zbekistonning boy madaniy merosini Italiya ilmiy jamoatchiligi orasida keng targ‘ib etish imkonini yaratmoqda.
Mazkur xizmat safari ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilgari yo‘lga qo‘yilgan Erasmus+ dasturi doirasidagi hamkorlik loyihalarining mantiqiy davomidir. Ushbu hamkorlik ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirish, innovatsion texnologiyalarni ilmiy izlanishlarga tatbiq etish va akademik almashinuvni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, taniqli italiyalik turkolog olima Elizabet Raganini uzoq yillardan beri O‘zbekistondagi turli ilmiy muassasalar bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Raganini xonim bir necha bor Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tashrif buyurib, turkologiya va Yevropada soha taraqqiyotiga oid qator ma’ruzalar o‘qigan.
Mazkur tashrif va amaliy faoliyat O‘zbekistonning oliy ta’lim tizimini jahon ilmiy maydoniga integratsiya qilish, o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirish va madaniy-diplomatik aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
N.Usmonova, O‘zA