Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Venesuelada 30 dan ziyod siyosiy mahbus ozod qilindi
11:50 / 2026-02-02

Venesuelada siyosiy sabab bilan qamoqqa olingan 30 nafardan ortiq shaxs ozod etildi. Bu haqda huquqni himoya qiluvchi “Foro Penal” tashkiloti ma’lum qildi. Mahbuslarning oila a’zolari va faollar hukumat e’lon qilgan mahbuslarni bo‘shatish jarayoni sekin ketayotganidan shikoyat qilmoqda.

To‘g‘ri, Delsi Rodriges juma kuni yuzlab mahbuslarni qamrab oladigan “amnistiya to‘g‘risidagi qonun” tashabbusini e’lon qilgach, ish tezlashdi. Shuningdek, yaqin orada Karakasdagi mashhur “Helicoide” tergov izolyatori yopilib, sport va ijtimoiy xizmat markaziga aylantirilishi mumkinligi aytilyapti.

"Foro Penal" ma’lumotiga ko‘ra, yil boshidan buyon jami 344 “siyosiy mahbus” ozod qilingan, shundan 33 nafari kecha erkinlikka chiqdi. Hukumat esa qo‘yib yuborilganlar sonini 600 dan ziyod, deb ko‘rsatmoqda. Bu raqamga avvalgi yillarda chiqarilganlar ham qo‘shilgan.

“Lotoreyada yutganlar” orasida inson huquqi faoli Xaver Tarazona ham bor. Terror va fitna ayblovi qo‘yilgan bu jinoyatchi 2021 yildan buyon "Helicoide"da saqlangan.

Huquq faollari hisobotiga ko‘ra, hozir ham 700 dan ko‘p odam siyosiy sabab bilan hibsda qolmoqda. Oila a’zolari va jamoatchilik vakillari hukumatdan nafaqat mahbuslarni ozod etish, balki ularga qo‘yilgan ayblovlar olib tashlanishini ham talab qilmoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA