Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Venesuela prezidenti Nobel mukofoti laureati Machadoni “jodugar” deb atadi
18:43 / 2025-10-15

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro yaqinda “Tinchlik” yo‘nalishida Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan muxolifat yetakchisi Mariya Korina Machadoni “jodugar” deb atadi.

Ma’lumki, Norvegiya Nobel qo‘mitasi 58 yoshli Machadoni “Venesuelada demokratik huquqlarni targ‘ib qilishdagi tinimsiz mehnati va diktaturadan demokratiyaga adolatli va tinch yo‘l bilan o‘tish yo‘lida olib borgan kurashi” uchun g‘olib deb e’lon qilgan edi

– Aholining to‘qson foizi bu iblis kampirni qo‘llab-quvvatlamaydi, -dedi Maduro o‘z chiqishida.

Qiziq jihati, yaqinda Mariya Korina Machado “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Trampni tilga oldi. 

– AQSH yetakchisi ham mukofotga munosib edi, chunki u atigi bir necha oy ichida sakkizta ziddiyatni bartaraf etishda ishtirok etibgina qolmay, balki uning harakatlari Venesuelani ozodlik ostonasiga olib kelishda hal qiluvchi rol o‘ynadi, -dedi u.

Venesuela hukumati Machado Nobel mukofotiga sazovor bo‘lganidan bir necha kun o‘tib, Oslodagi elchixonasini yopdi. Rasmiy Karakas bayonotida Machadoning mukofotiga izoh berilmadi va elchixonaning yopilishi tashqi xizmatni qayta tashkil etishning bir qismi ekanligi ma’lum qilindi.

O‘z navbatida, Norvegiya tashqi ishlar vazirligi bu qarorni “afsuslanarli” deb atadi. 

– Turli kelishmovchiliklarga qaramay, o‘lkamiz Venesuela davlati bilan hamkorlik qilishda davom etadi, -dedi Norvegiya tashqi ishlar vazirligi vakili.

Mulozimning qo‘shimcha qilishicha, Nobel qo‘mitasi Norvegiya hukumatidan mustaqil ravishda faoliyat yuritadi.

Karakas shuningdek, Avstraliyadagi elchixonasini ham yopib, Zimbabve va Burkina-Fasoda yangi konsullik markazlarini ochdi va ushbu mamlakatlarni “turli bosimlarga” qarshi kurashda “strategik sheriklar” deb atadi.

So‘nggi marta Norvegiya tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sabab 2010 yilda Xitoy bilan diplomatik “zarba”ga uchragan, o‘shanda sovrin siyosiy yetakchi Lyu Syaoboga berilgan edi. Shundan so‘ng, Pekin savdo va boshqa aloqalarni to‘xtatdi va faqat olti yildan keyingina Oslo bilan munosabatlarni qayta yo‘lga qo‘ydi.

O‘.Alimov, O‘zA