Venesueladagi so‘nggi voqealar tufayli global siyosiy maydonda jiddiy shov-shuv ko‘tarildi. AQSH aralashuvi mamlakat hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatib, milliy suverenitet masalasini kun tartibiga olib chiqdi. Shu bilan birga, bu hodisalar Lotin Amerikasi mintaqaviy xavfsizligi, xalqaro diplomatik me’yor va global iqtisodiy barqarorlik nuqtai nazaridan muhim bahs-munozaraga sabab bo‘ldi.
O‘zA suhbatdoshi – Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Sayfiddin Jo‘rayevning fikricha, “Venesueladagi voqealar nafaqat milliy suverenitet va xalqaro huquq tamoyilini sinovdan o‘tkazadi, balki global multipolyar tartibdagi kuchlar o‘rtasidagi muvozanatni ham qayta baholashni taqozo etadi. Bu jarayon, ayniqsa, tashqi aralashuv va ichki siyosiy institutlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatni tushunish nuqtai nazaridan muhim”.
Maqolada AQSHning Venesuelaga harbiy aralashuvi xalqaro huquq va ichki siyosiy barqarorlik kontekstida tahlil qilinadi. Shuningdek, Lotin Amerikasidagi xavfsizlik, global multipolyar tizim, neft bozori va xalqaro investitsiyaga ta’siri baholanadi. Har bir masala ekspert fikri va amaliy kuzatuv bilan ilmiy asosda yoritiladi.
– AQSHning Venesuelaga harbiy aralashuvi milliy suverenitetni buzadimi yoki vaziyatga xalqaro huquq nuqtai nazardan oqilona harakat sifatida qarash mumkinmi?
– Hozir Venesuelada siyosiy jarayon barqarorlashgan, davlat idoralari faoliyat yuritmoqda. Oliy sud qarori bilan muvaqqat Prezident faoliyatini boshlagan, mamlakatdagi siyosiy institutlar ishini davom ettirmoqda.
Dastlabki kunlarda aholi orasida tushunmovchilik kuzatilgan bo‘lsa, so‘nggi kunlarda bu holat, deyarli, bartaraf etilgan. Shunga qaramay, xorijiy aralashuv milliy suverenitetga bevosita tahdid soladi, chunki ichki siyosiy jarayonga tashqi bosimni hosil qiladi. Xalqaro huquq doirasida bunday aralashuv odatda oqilona hisoblanmaydi, hatto murosali muzokara va diplomatik asosga tayangan bo‘lsa ham.
Venesuela muvaqqat Prezidenti Delsi Rodriges muzokara olib borish xususiyatini namoyon etib, o‘z harakati bilan AQSHning tashqi siyosat strategiyasiga mos kelmoqda. Shu asnoda ichki barqarorlikni saqlab qolish va davlat idoralari samaradorligini oshirish tarafdori bo‘lgan yangi hukumat shakllanmoqda.
– Holat Lotin Amerikadagi boshqa davlatlar xavfsizligiga qanday bevosita yoki bilvosita tahdid solishi mumkin?
– Venesueladagi voqealar nafaqat ichki, balki mintaqaviy ahamiyatga ham ega. AQSH G‘arbiy yarim sharga diqqatni oshirishi dolzarblikni yanada oshiradi. Bunday aralashuv bir muddat Venesuelani notinchlikka olib kelishi barobarida qo‘shni davlatlar xavfsizligiga bevosita va bilvosita tahdid paydo qiladi. Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni zaiflashtiradi. Ya’ni, geosiyosiy muvozanatni o‘zgartiradi, mintaqadagi iqtisodiy-siyosiy aloqalarda noaniqlik hosil qiladi. Qolaversa, bu jarayon Qo‘shma Shtatlarning “Amerika manfaati birinchi” tamoyiliga muvofiq, muayyan davlatlar siyosiy erkinligini cheklashga intilishini ko‘rsatadi.
– G‘arb davlatlari va Rossiya, Xitoy kabi kuchlar Venesueladagi voqealarga turlicha munosabat bildirayotgani global multipolyar tartibga qanday ta’sir qiladi?
– Albatta, bunday qarashlar tabiiy. Aslida, tomonlar turlicha fikr bildirgan bo‘lsa-da, munosabatlarda keskin harbiy yoki diplomatik to‘qnashuv kuzatilmadi. Bu holat global kuchlar o‘rtasida ochiq ziddiyat emas, balki ta’sir doirasini qayta belgilash jarayoni kechayotganini ko‘rsatadi.
G‘arb davlatlari Venesueladagi vaziyatga asosan demokratiya, inson huquqi va legitim hokimiyat nuqtai nazaridan yondashayotgan bo‘lsa, Rossiya va Xitoy suverenitet va ichki ishga aralashmaslik tamoyilini ustuvor qo‘ymoqda. Bu holat global multipolyar tartibda kuchlar o‘rtasidagi muvozanat yanada murakkablashayotganini anglatadi. Endilikda xalqaro tizim manfaatlar muvozanatiga asoslangan ko‘p qutbli model sari harakatlanmoqda.
– Venesuelada siyosiy barqarorlik o‘rnatiladimi, ichki ijtimoiy tizimda o‘zgarishlar kuzatiladimi? Qonuniy hukumat bilan muxolifat o‘rtasidagi munosabat qanday shakllanadi?
– Taxminimcha, ichki siyosiy tizim qisqa muddatda izdan chiqmaydi. Aksincha, hokimiyat institutlari faollikni saqlab qolgan holda, vaziyatni nazorat qilishga intiladi. Davlat boshqaruvi, xavfsizlik tuzilmalari va ijtimoiy xizmatlar uzluksiz ishlayotgani siyosiy barqarorlik saqlanishidan dalolat.
O‘rta muddatda yangi hukumat shakllanishi ehtimoli kuchayadi. Muxolifat bilan hukumat murosasiga asoslangan siyosiy muloqot o‘rnatilishi mumkin. Bunday yondashuv Venesuelada ko‘p yildan beri davom etib kelayotgan siyosiy qarama-qarshilikni yumshatib, ijtimoiy tizimni barqarorlashtirish uchun imkon yaratadi.
– BMT va xalqaro tashkilotlar Venesueladagi holatga nisbatan kuchli pozitsiya egallab, global diplomatik standart va qonuniylikni belgilay oladimi?
– Fikrimcha, Venesueladagi vaziyat hozir BMTning xalqaro munosabatlardagi asl imkoniyati cheklanganini yana bir bor ko‘rsatdi. Xalqaro institut sifatida tashkilotning ta’siri pastligi sezildi. Aniqrog‘i, yirik davlatlar o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvi yagona pozitsiya shakllanishiga to‘sqinlik qildi.
Shu bilan birga, bu holat BMTning ahamiyati yo‘q, degani ham emas. Aksincha, global mojarolarga universal javob bera oladigan yagona platforma hanuz BMT ekani Venesuela misolida tasdiqlandi. Mazkur vaziyat tuzilmani isloh qilish, mojarolarning oldini olish, vaziyatni tartibga solish mexanizmini zamon talabiga moslashtirish masalasini kun tartibiga olib chiqdi.
– Venesuela voqealari neft bozori, xorijiy investitsiya va global iqtisodiy barqarorlik bilan bog‘liq jarayonga qay darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin?
– Bu voqealar fonida dunyo neft bozoriga egalik qilish yoki vaziyatni boshqarish tizimi o‘zgarayotgani ko‘rindi. Venesuela yer yuzidagi eng yirik neft zaxirasiga ega davlat. Shu bois ushbu mamlakatga daxldor har qanday siyosiy beqarorlik energetika bozoriga xavf tug‘diradi.
Hozircha jahon nefti narxida keskin o‘zgarish kuzatilmagan esa-da, istiqbolda Venesueladagi siyosiy jarayon yangi investitsiya oqimini belgilay oladi. Barqarorlik ta’minlansa, mamlakat energetika bozorida yana faollashadi. Global iqtisodiy raqobat, geoiqtisodiy kurash kuchayadi.
– AQSH Venesueladagi harbiy amaliyotga qanday tayyorgarlik ko‘rdi?
– Donald Tramp Venesuelaga oid harbiy-siyosiy harakatni Qo‘shma Shtatlar tarixidagi juda samarali kuch namoyishi sifatida baholadi. Ushbu siyosiy jarayon uzoq muddatli razvedka va diplomatiya tayyorgarligi asosida amalga oshirilgani aniq.
Hodisa tarixiy jihatdan “Monro doktrinasi” bilan uyg‘unlik kasb etgan. Mazkur hujjat Amerika qit’asini tashqi kuchlar aralashuvidan himoyalangan hudud sifatida belgilaydi. Bugungi sharoitda bu g‘oya zamonaviy shaklda qayta namoyon bo‘lib, AQSHning G‘arbiy yarim shardagi strategik manfaati qat’iy himoya qilinishi siyosatini aks ettirmoqda.
Musulmon Ziyo suhbatlashdi. O‘zA