Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Venesuela: manfaatlar toʻqnashuvining yangi nuqtasimi?
11:48 / 2019-02-04

Venesuelada bir necha yildan buyon davom etayotgan iqtisodiy va moliyaviy qiyinchiliklar, aholining turmush tarzi keskin yomonlashayotgani oxir-oqibat, norozilik toʻlqinlarining kuchayishiga, muxolifatning ochiq namoyishlariga aylanib ketdi.


Venesuelada bir necha yildan buyon davom etayotgan iqtisodiy va moliyaviy qiyinchiliklar, aholining turmush tarzi keskin yomonlashayotgani oxir-oqibat, norozilik toʻlqinlarining kuchayishiga, muxolifatning ochiq namoyishlariga aylanib ketdi. Hozirga qadar qurbonlar soni 100 nafar, hibsga olinganlar esa 1000 nafarga yetdi.

Parlament spikeri Xuan Guaido oʻzini mamlakatning vaqtinchalik prezidenti deb eʼlon qilishi va Maduroning isteʼfoga ketishini talab etishi murakkab vaziyatni yanada taranglashtirdi. Guaidoning qarori Oliy sud tomonidan bekor qilindi va uning mamlakatdan chiqib ketishi taqiqlandi, Bosh prokuratura unga nisbatan tergov harakatlarini boshlagan. Lekin AQSH muxolifatning yosh yetakchisini toʻla quvvatlayotir. Unga xayrixoh Lima guruhi va Amerika davlatlari tashkiloti aʼzolari – Braziliya, Kosta-Rika, Argentina, Paragvay, Peru, Kolumbiya, Ekvador, Chili, Gvatemala, Gonduras, Panama va Kanada ham AQSHga qoʻshildi. Ammo Meksika bu ishlarni maʼqullamadi. Lekin tomonlarni yarashtirish uchun muloqot maydonchasi vazifasini bajarishga tayyorligini aytdi.

Vashington esa bliskrig barbod boʻlgach, vaziyatni yanada chalkashtirish va qaltislikni oshirish maqsadida Moduroning moliyaviy kanallarini batamom uzib qoʻyishga urinmoqda.

Maʼlumki, Venesuelaning chetga sotayotgan 40 foiz mahsulotini AQSH import qiladi, bu yerda Venesuelaga tegishli bir nechta neft zavodi, 10 mingga yaqin yonilgʻi qoʻyish shahobchalari bor.

AQSH parlamentda muxolifatni qoʻllash va qitʼadagi oʻzining geoiqtisodiy ustunligidan unumli foydalanish maqsadida Venesuelaning eng yirik tushum keltiruvchi “PDVSA” neft kompaniyasining AQSHdagi 7 milliard dollarlik aktivlarini blokirovka qilib qoʻydi, unga qarshi sanksiyalar qoʻlladi. Oq uy bu aktivlar faqat Guaidoga taqdim etilishini bildirmoqda.

Bu ish haqiqatdan ham amaldagi hukumatga qattiq zarba boʻldi. Chunki Venesuela oʻz neftini sotib oluvchi boshqa savdo sheriklariga – Xitoyga kuniga 300 ming barrel, Hindistonga 240 ming barrel “qora oltin” yetkazib bermoqda. Ammo ulardan koʻradigan foyda AQSHnikidan kamroq.

26 yanvarda Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Niderlandlar agar 8 kun ichida prezidentlik saylovlari oʻtkazilishi eʼlon qilinmasa, Guaidoni vaqtincha prezident sifatida tan olishini bildirdi. Bu ham yetmaganday ushbu davlatga nisbatan shu vaqtga qadar qoʻllanib kelayotgan mavjud sanksiyalarni yana bir yilga uzaytirdi. Belgilangan muddat esa nihoyalandi, ammo ultimatum Karakasda ichki ishlarga YEIning qoʻpol aralashuvi, deb qabul qilindi. 

Xabaringiz bor, 2018 yil 20 mayda Venesuelada muddatidan oldin prezidentlik saylovlari oʻtkazilib, unda Maduro 68 foiz ovoz toʻplagan, ammo muxolifat unga baykot eʼlon qilgan edi. Yangi saylovlar Maduro uchun magʻlubiyat bilan tengligi, shubhasiz. Shu sababli yevropaliklar talabiga eʼtiroz boʻlishi aniq edi. U faqat parlament saylovlarini, unda ham muxolifat yetakchilari ustun boʻlgan Milliy assambleyaga emas, balki prezident tarafdorlari boshqarayotgan Konstitutsiyaviy assambleyaga muddatidan oldin, yaʼni 2020 yilda saylovlar oʻtkazilishiga rozilik berdi. 

Biroq qarshi kuchlar safi ham kun sayin kengayib bormoqda. Marokash, Gruziya, Ukraina, Albaniya, Shveysariya, Isroil, Avstraliya va Kosovo ham AQSHga qoʻshildi. Venesuelaning 8 milliard dollarlarga teng omonatini oʻzida saqlayotgan Angliya banki esa 1,2 milliard dollarlik oltin aktivlarini, e yoʻq, be yoʻq, oʻz egasiga qaytarmasligi haqida jar soldi.

Maduro ham dunyo sahnasida yakka-yolgʻiz qolib ketayotgani yoʻq. Rossiya, Xitoy, Belarus, Eron, Kuba, Meksika, Boliviya, Nikaragua, Salvador, Urugvay, Surinam, Suriya, Shimoliy Koreya, Turkiya, Janubiy Afrika Respublikasi, tan olinmagan Abxaziya va Janubiy Osetiya uni qoʻllab-quvvatlayapti. 

BMT Bosh kotibi A.Guterrish voqealarga oʻta ogʻirlik va vazminlik bilan yondashib, inqirozni yechish uchun nizolashuvchi tomonlarni muloqot stoliga oʻtirishga chaqirmoqda.

Aslida, qudratli davlatlarning ojiz mamlakatlarga nisbatan anʼanaviy “sanksiyalar qoʻllash” siyosati ham juda eskirib, taʼsirchanligi ham tushib ketgan. Masalan, Kuba, Eron, Shimoliy Koreya, Suriya kabi davlatlar sanksiyalar ostida ham bemalol yashashga qodirligini namoyish etdi. 

Shu sababli rasmiy Vashington Maduroga AQSHning qatʼiyati va sabr-toqatini sinamaslikni maslahat berar ekan, uni kerak boʻlsa, harbiy kuch bilan chetlatish rejasi ham borligini inkor qilmayapti. Ammo jangovar qobiliyati yuqori, zamonaviy qurol-aslahaga ega Venesuelani tashqaridan turib, bosib olish uchun Pentagonning bu yerda yoʻq deganda, 25 ming nafar yaxshi qurollangan askari ishtiroki zarur boʻladi.

Dengizda esa yuzlab harbiy kemalar va oʻn minglab dengiz piyodalarini, aviatsiya va yordamchi kuchlarni joylashtirishi lozim. Koʻp kuch, mablagʻ va xalqaro qoʻllab-quvvatlashni talab etuvchi bunday koʻlamdor amaliyotlar boshlangani hozircha kuzatilmadi.

Hech shubhasiz, Venesuelada armiya hal qiluvchi kuch. Uning hududida XX asrda 12 bora harbiy toʻntarishlar oʻtkazganini unutmaslik kerak. 1999 yilda qabul qilingan yangi Konstitutsiyaga koʻra ham qurolli kuchlarning siyosiy roli mustahkamlanib, ularga katta vakolatlar berilgan.

Hozir qurolli kuchlar tarkibi quruqlik qoʻshinlari, harbiy-havo kuchlari, harbiy-dengiz kuchlari, milliy gvardiya va milliy militsiyadan iborat. Harbiy byudjeti yiliga 2,6 milliard dollarga teng armiyaning umumiy soni 500 ming kishidan iborat. Ular qatorida 2 million nafarga yaqin oʻzini oʻzi himoya qilish xalq kuchlari ham qoʻshish kerak. Jangovar ruhi baland qurolli kuchlar Maduro tomonida sadoqat saqlab, oxirigacha kurash olib borishga tayyor. 

2014 yildan buyon mamlakat mudofaa vaziri, general Vladimir Padrino Lopes esa zamonaviy Venesuela boshqaruvida muhim oʻrin tutadi. 2002 yildagi davlat toʻntarishida ham uning 311-piyodalar bataloni Ugo Chavesga sodiqlik koʻrsatib, uni muqarrar qulashdan asrab qolgandi. 

Albatta, AQSHning bu kabi vatanparvar qoʻmondonlarni oʻz tomoniga ogʻdirishi dushvor. Qolaversa, ushbu general Madurodan keyin mamlakatda ikkinchi qudratli siyosiy arbob boʻlib, 2016 yildan buyon hukumatning iqtisodiy blokini toʻliq nazorat qiladi. Harbiylar agar hokimiyatga Guaido kelsa, yangi hukumat ularning vakolat va imtiyozlaridan toʻliq mahrum qilishini yaxshi tushunadi. Boz ustiga, Konstitutsiyaviy sud va gubernatorlar ham amaldagi prezident yonida qoʻl-qoʻlga berib turibdi. Shu sababli toʻgʻridan toʻgʻri bostirib kirish ehtimoli hozircha mantiqsiz bir ish boʻlar edi. Toki, yana qayerda, Lotin Amerikasida navbatdagi porox bochkasi yonsa, bu birinchi galda AQSHning xalqaro maydondagi obroʻsi va nufuziga katta zarba boʻladi. Venesuelada yashab-ishlayotgan AQSHning 47 ming nafar fuqarosi hayoti ham xavf ostida qoladi.

Rossiya va Xitoy kabi kuch markazlari jahonning bu yarim sharida aralashuviga yaxshi imkoniyat tugʻiladi. Agar Pentagon bu yerga bostirib kirsa-yu, urush boshlanib ketsa, Yaqin Sharqdagi notinchlik boʻhroni butun Lotin Amerikasi boʻylab quyundek tarqaladi va uzoq yillardan buyon tinchlik muhitida yashayotgan mintaqaga oʻta halokatli taʼsir koʻrsatadi. Boz ustiga, Yevropadagi va boshqa mintaqalardagi AQSHning ittifoqchilari ham katta ogʻasini avvalgi davrlardagidek yakdil va joʻrovoz boʻlib qoʻllab-quvvatlayotgan yoʻq.

Shu bois Oq uyning katta qurbonlar beruvchi global harbiy harakatlar olib borishi prezidentlik saylovlari yaqinlashib kelayotgan bir paytda shunchaki qoʻrqituvchi gapdan iboratdir, deyishmoqda xalqaro ekspertlar. Afgʻoniston, Iroq va Suriyada harbiy muvaffaqiyatsizlar ortidan prezident D.Trampning bunday qarorini hozir amerikaliklarning oʻzi ham qoʻllab-quvvatlaydigan kayfiyatda emas.

Buni anglagan holda Oq uy imkon qadar Venesuela qurolli kuchlarining Guaido tomoniga oʻtishi uchun butun kuchini sarflaydi. Masalan, Venesuelaning AQSHdagi harbiy attashesi, polkovnik Xose Luis Silva kutilmaganda harbiy xizmatchilarni Guaidoni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi. Venesuelaning Iroqdagi elchisi Jonatan Velasko Ramires ham muxolifat tarafiga oʻtdi. Harbiy-havo kuchlari Oliy harbiy qoʻmondonligining strategik rejalashtirish boʻyicha direktori, general Fransisko Esteban Yanes Rodriges ham Madurodan yuz oʻgirdi. Politsiya agar Maduroga qarshi namoyish oʻtkazilsa, tinch aholini kuch vositasi bilan tarqatib yubormasligini qayd etmoqda. Nima boʻlganda ham Venesuela uchun ushbu va keyingi hafta hal qiluvchi palla boʻladi. 

Haqiqiy demokratiyani bir rahbar oʻzgarib, oʻrniga boshqasi kelib tezlikda, buning ustiga tajriba va mahoratda gʻoʻr va tajbirasiz shaxslar bilan oʻrnatib boʻlmaydi. Mamlakatning ichki ishlariga tashqi kuchlarning, yaʼni uchinchi tomonlarning aralashmasligi ham juda muhim.

Mamlakat ichki siyosatini xalqning oʻzi belgilashi zarur. Shu bilan birga oddiy aholi Maduroning noʻnoq va umidsiz siyosatidan toʻygani ham rost gap. Mamlakat uchun neftga qaramlikdan qutulish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrilmagani, “qora oltin”ning narxi pasaygani hozirgi sharoitda ogʻir oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Aniqlangan neft zahiralari kattaligi boʻyicha jahonning yetakchisi (300 milliard barrel) boʻlgan mamlakat doʻkonlari boʻshab yotibdi, oziq-ovqatm ahsulotlari yetishmayapti, dori-darmon yoʻq, suv va energiya taqchilligi xalqni juda qiynamoqda. Oddiy odamlar oyiga 12-25 dollar maosh olishmoqda. Biroq kun oʻtkazish uchun kamida 200-300 dollar zarur.

2013 yilda Maduro hokimiyatga kelganidan buyon neft qazib olish hajmlari 50 foizga qisqardi, qoʻshni davlatlarga 3 million venesuelalik kun oʻtkazish uchun muhojir sifatida chiqib ketdi, uyushgan jinoyatchilik va narkotiklar savdosi keskin oʻsmoqda.

U koʻzga koʻrinadigan va aholi manfaatlariga xizmat qiladigan tayin-toʻrali biror islohotni oʻtkazmadi, inflyatsiya rekord darajaga koʻtarildi, fuqarolar daromadlari ham barqaror kamaymoqda. Bir soʻz bilan aytganda, yashab qolish ogʻir savdoga aylandi. 

Aksincha, harbiylarning xavfsizlik, mudofaa, iqtisodiyot, moliya va boshqaruv sohalariga noqobil aralashuvi, sabab uning siyosiy hayotdagi oʻrni haddan ortiq kuchayib ketdi. Shunday sharoitda Maduro prezidentlik boshqaruvining ikkinchi muddati shu yil 10 yanvardan boshlangani muxolifatning gʻazabini qoʻzgʻadi.

Boshqa jihat. Qashshoq aholi qatlami oʻrtasida amerikaning siyosatiga qarshi bolivarcha ruh hamon ustun. Ularga hokimiyatning inqilobiy tarzda oʻzgarishi, qashshoqlik balosidan qutilish uchun “amerikacha demokratiya”ning zoʻrlab tiqishtirilishi sira yoqmayapti.

Bosqinchilik roʻy bersa, mintaqadagi boshqa davlatlar hukumatlari va siyosiy elitasida Vashingtonga nisbatan zimdan mavjud yovqarashlikni kuchaytirib yuborishi ham mumkin.

Masalan, Boliviya Prezidenti Evo Morales shu kunlarda oʻz hamkasbini qoʻllab-quvvatlash uchun Venesuelaga tashrif buyurdi va shunday dedi: “Men inim-prezident Nikolas Maduro bilan uchrashib, toʻntarishlarga va xalqaro huquqni buzib, Venesuela milliy boyligini oʻzlashtirmoqchi boʻlgan imperiya aralashuviga qarshi bir-birimizni qoʻllab-quvvatlashimni bildiraman”.

Venesuelada shunday naql bor. Iqtisodiy inqiroz bu hali siyosiy hukm emas. Hali ham bor kuchni jamlab, siyosiy irodani koʻrsatib, oʻzgarishlar qilishi mumkindir. 

Afsuski, sotsializm yoʻlini mahkam ushlagan Maduro qiyin vaziyatdan chiqish uchun aniq va nostandart strategiyaga ega emas. U shu kunlarda mamlakat oltin zahirasini sotib, iqtisodiy muammolarni yechish niyatida. Osmondan tarasha tushgandek, shuncha dolzarb vazifalar boʻy koʻrsatib turganida, 62 ta shaharni obodonlashtirishga qaratilgan bunyodkorlik ishlariga bir milliard yevro mablagʻ ajratishini bildirmoqda.

Uning aholida ishonch uygʻota oladigan tub islohotlarga qodir emasligi barcha taranglikning bosh sababi boʻlmoqda. Nima boʻlganda ham Venesuelada paydo boʻlgan hozirgi qoʻshhokimiyat tizimi Maduroni boshi berk koʻchaga kiritib qoʻydi. 

Toʻgʻri, armiya tashqi dushmanga qatʼiy va sobit qarshi tura olishi mumkin, ammo xalqning ichki noroziligi uzoq davom etsa, uni samarali bartaraf etishga qodirmi? Bunday sharoitda armiyaning oliy qoʻmondonlari Guaidoni tan olmasa ham, qoʻqqisdan Maduroning oʻziga qarshi chiqib qolsa-chi? AQSHda tahsil olgan 35-yoshli Xuan Guaido oʻzi tuzgan yangi hukumat tashqi kreditorlar va davlat obligatsiyalari saqlovchilar, jumladan, Rossiya kompaniyalari oldidagi majburiyatlarini toʻliq bajarishini kafolatmoqda. 

Maydonlarga bayroq koʻtarib chiqayotgan tarafdorlariga iqtisodiyotni barqarorlashtirish va qashshoqlik bilan kurashish uchun Harakat dasturini eʼlon qildi. Unda neft qazib olish hajmini kuniga 4 million barrelgacha oshirish va moʻmay daromad olish ham aytiladi. 12 fevralda esa butun xalqni ommaviy namoyishlarga chiqishga chorlamoqda. Muxolif Milliy assambleya parallel tarzda Argentina, Gonduras, Kanada, Kolumbiya, Kosta-Rika, Chili, Panama, Peru, AQSH va Ekvadorda diplomatik vakolatxonalarni ochdi.

Ammo vaziyat oʻz doirasidan chiqib, bu yangi jahon harbiy-siyosiy va diplomatik nizosini keltirib chiqarishi mumkin. 1823 yilda oʻrnatilgan Monro doktrinasiga koʻra, Amerika qitʼasi AQSHning milliy xavfsizlik sohasidagi maxsus manfaatlari hududi, deb eʼlon qilingan. Ikki yuz yildirki, boshqa qitʼalardagi qudratli davlatlarning uning ishiga aralashuviga yoʻl qoʻyilmay keladi. Bu hujjatga asoslanib, oʻtgan davrda rasmiy Vashington Kuba, Salvador, Grenada, Meksika va Panama ishlariga faol aralashib keldi. Ammo bu gal oʻyin qoidasi oʻzgarishi mumkin.

Rossiya shu vaqtga qadar Venesuelaga kiritgan 17 milliard dollarlik, Xitoy esa 70 milliard dollarlik sarmoya va qarzlariga kuyib qolishni istamadi. Xitoy-ku, tushunarli, doimiy ravishda neytral va kuch bilan tahdid solmaslik siyosatini yuritib kelmoqda.

Rasmiy Moskva esa Venesuelaning qoʻldan ketishi bilan azaliy ittifoqchilari hisoblangan Kuba va Nikaraguani ham boy berishi mumkinligini yaxshi tushunmoqda. Siyosiy inqiroz va jiddiy sinov paytida Maduroni qoʻriqlash uchun rus xususiy kompaniyasidan 400 nafar yollanma harbiylar yuborilgani haqida jahon ommaviy axborot vositalari vakillari baralla yozishmoqda. Garchi bu faktni rasmiy Moskva inkor qilayotgan boʻlsa-da, Maduro uni izohlashdan voz kechdi. Prezident V.Putinning kutilmagan paytda kutilmagan qarorlar qabul qilish xarakteridan kelib chiqilsa, u hech kim oʻylamagan gʻolibona yurishlar qilishning oʻta hadisini olgan. Rossiya NATOning oʻz chegaralariga tobora shiddat bilan yaqinlashib kelayotgani, Ukrainani oʻziga qarshi gij-gijlayotgani, Gʻarbning oxiri koʻrinmas sanksiyalariga nisbatan favqulodda chora sifatida Venesuelaga, har qancha olisda boʻlmasin, harbiy kuchlar yuborishi ham mumkin, degan taxminlar bor.

Lekin Ukraina va Suriyadagi ziddiyatlarga qoʻshimcha ravishda yangi global muammoga aralashib qolsa, shunday ham iqtisodiyoti sanksiyalar yukidan qiynalayotgan Rossiyaga bu ish ortiqcha boshogʻrigʻi boʻlishi ham mumkin.

Laziz Hasan oʻgʻli