Venesuelani kelajakda nima kutmoqda? Bugungi kunda nafaqat siyosatshunoslar, balki ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida ham eng ko‘p muhokama qilinayotgan savol shu. BBC e’lon qilgan so‘nggi ma’lumotlar va Donald Tramp ma’muriyatining keskin qadamlari bu savolni yanada dolzarblashtirdi.
Donald Trampning ko‘rsatmasi bilan Venesuela rahbari Nikolas Maduroning qo‘lga olinib, Nyu-Yorkka olib kelinishi AQSHning harbiy va siyosiy qudratini namoyish etdi. Garchi Maduroning hibsga olinishi "vaqtinchalik" deb ta’riflanayotgan bo‘lsa-da, kuzatuvchilar endilikda bu Lotin Amerikasi davlati amalda Vashington tomonidan boshqarilishi ehtimoli yuqori ekanini ta’kidlamoqdalar.
Ko‘pchilik ushbu harakat zamirida Venesuelaning boy neft zaxiralari yotganini taxmin qilmoqda. Biroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio buni inkor etib, Vashingtonga Venesuela nefti emas, balki ushbu soha raqib davlatlar nazoratiga o‘tib ketmasligi muhimligini bildirdi. Bu bayonotlar qanchalik haqiqatga yaqinligini vaqt ko‘rsatadi.
AQSH Prezidenti Venesuelaning kelajagi borasidagi rejalarini ochiqladi. Ma’lum qilinishicha, Marko Rubio ayni paytda mamlakatni vaqtincha boshqarayotgan vitse-prezident Delsi Rodriges bilan muloqot o‘tkazgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Rodrigesning "boshqa tanlovi yo‘q" va u qo‘yilgan shartlarga rozi bo‘ladi. Aks holda, AQSH qo‘shin kiritish variantini ham istisno etmayapti.
Qizig‘i shundaki, Maduro qo‘lga olingan ilk soatlarda qat’iy qarshilik ko‘rsatgan Delsi xonim, Vashington vakillari bilan muloqotdan so‘ng o‘z pozitsiyasini o‘zgartirib, hamkorlikka tayyorligini bildirgan. Bu esa Venesuelaning "masofadan boshqarilishi" borasidagi taxminlarni kuchaytirmoqda.
Biroq vaziyat tashqi tomondan ko‘ringanidek silliq kechmasligi mumkin. Tahliliy markazlar Maduroning ag‘darilishi mamlakatda zo‘ravonlik va beqarorlik to‘lqinini boshlab berishidan ogohlantirmoqda. "The New York Times" nashri yozishicha, AQSH mudofaa idoralari allaqachon turli ssenariylar ustida mashq o‘tkazgan. Asosiy xavf — hokimiyat uchun kurashadigan turli qurolli guruhlarning paydo bo‘lishi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan parokandalikdir.
Mariya Korina Machado G‘arb uchun eng maqbul nomzod sifatida ko‘rilmoqda. Uning liberal iqtisodiy islohotlar va neft sektorini xususiylashtirish borasidagi qarashlari Vashington manfaatlariga mos keladi. Biroq Tramp Machadoning mamlakat rahbari bo‘lish imkoniyatini hozircha past baholamoqda, bu esa muxolifat ichidagi muvozanatni ham chigallashtiradi.
Maduroning hibsga olinishi xalqaro huquq me’yorlariga berilgan jiddiy zarba sifatida talqin qilinmoqda. Demokrat Mark Uorner kabi siyosatchilar bu "yomon namuna" bo‘lishidan xavotirda. Agar AQSH boshqa davlat rahbarini o‘z qarorgohidan o‘g‘irlab ketishni odat tusiga kiritsa, bu ayrim gegemon davlatlar ham xuddi shunday harakat qila boshlashiga zamin yaratishi mumkin.
AQSHning avvalgi tajribalari (Iroq va Afg‘oniston) ko‘rsatadiki, rejimni kuch bilan almashtirish har doim ham kutilgan natijani bermaydi. Trampning "resurslar evaziga ta’sir o‘tkazish" strategiyasi Venesuelani tinchlikka boshlaydimi yoki yangi global beqarorlik o‘chog‘iga aylantiradimi — bu hozircha javobsiz qolayotgan eng muhim savoldir.
K.BEKJONOV,
O‘zA sharhlovchisi