Bugun Venesuela Lotin Amerikasidagi eng murakkab va bahsli nuqtalardan biriga aylangan.
Prezident Nikolas Maduroning qo‘lga olinishi ortidan yuzaga kelgan vaziyat mamlakatda legitimlik masalasini ochiq qoldirdi. AQSH amalga oshirgan maxsus amaliyot xalqaro huquq nuqtai nazaridan nechog‘li asosliligi borasida hanuz yakdil fikr yo‘q. Aksincha, munozara yanada chuqurlashmoqda.
Siyosiy vaznsizlik sharoitida Delsi Rodriges muvaqqat Prezident sifatida maydonga chiqishi barqarorlikni saqlashga urinish sifatida qabul qilindi. Shunga qaramay, savollar bisyor:
Jarayon demokratiya tamoyiliga qay darajada mos?Hokimiyat almashinuvi xalq irodasimi yoki ichki siyosiy manyovr?
Iqtisodiy frontda davlat neftga tayanmoqda. So‘nggi vaqtda “qora oltin” sektorida e’lon qilingan islohot va xorijiy sarmoyadorlarga ochilish siyosati moliyaviy tiklanish umidi sifatida talqin qilina boshladi. Inflyatsiya, beqarorlik va sanksiya sharoitida bu chora yaxshi natija beradimi? Bu masala ochiq. AQSH qamali, neft tankerlari musodara qilinishi va logistika zanjiriga bosim nafaqat Venesuela, balki butun mintaqaga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Siyosiy mahbuslar bosqichma-bosqich ozod etilishi ham ijobiy baholanmoqda. Aslida, haqiqiy islohot boshlanyaptimi yoki tashqi bosimni yumshatish uchun ramziy qadam tashlandimi, bu masala ham muhokamada. Ayni murakkab va ziddiyatga to‘la jarayonni tahlil qilish maqsadida O‘zA ekspertlar Habibullo Azimov va Ravshan G‘oziyevga mikrofon tutdi.
Suhbat davomida Venesueladagi legitimlik inqirozi, AQSH bosimining asl oqibati, neft omilining siyosiy ahamiyati va kelgusi saylov istiqboliga chuqurroq nazar tashlandi.
Asosiy xulosa shunday yangradi: Venesuela bugun nafaqat ichki tanlov oldida turibdi, balki mintaqaviy barqarorlik ta’minlanishi uchun hal qiluvchi pallaga kirib bormoqda.
Bu jarayon qanday yakun topishi yana bir savolni keltirib chiqaradi: Venesuela siyosiy taqdirini o‘zi belgilay oladimi yoki yirik kuchlar bosimi ostida qoladimi?
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BzOGhXtMdak" title="Venesuela: legitimlik inqirozi, bosim vatanlov " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo, Oybek Davronov, O‘zA