Venesuela Kolumbiya bilan chegarada favqulodda holat eʼlon qildi
Venesuela hukumati mamlakat gʻarbida, Kolumbiyaning Kukuta shahri bilan chegaradosh boʻlgan Tachira shtatining bir necha munitsipalitetida komendantlik vaqtini oʻrnatdi.
Venesuela hukumati mamlakat gʻarbida, Kolumbiyaning Kukuta shahri bilan chegaradosh boʻlgan Tachira shtatining bir necha munitsipalitetida komendantlik vaqtini oʻrnatdi. Bu chora, Aloqa va kommunikatsiyalar vaziri Xorxe Rodrigesning bayonotiga koʻra, ushbu hududda uch nafar jangari va bir yollanma bosqinchi qoʻlga olingandan keyin qoʻllandi.
“Vatandoshlarimiz yurtga qaytishi jarayonida tartibsizliklar, noqulayliklar va zoʻravonlik holatlari yuzaga kelishining oldini olish maqadida prezident Nikolas Maduro San-Antonio-del-Tachira shahri Simon Bolivar munitsipalitetida, shuningdek Pedro Mariya Urenya munitsipalitetida mahalliy vaqt bilan soat 16:00 dan 10:00 gacha komendantlik holati joriy etishga qaror qildi“, — deydi Rodriges. Ushbu xabar ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan.
Vazirning aytishicha, dushanba kuni Kolumbiyadan qaytayotgan bir guruh venesuelaliklar mamlakatga kirishga uringan chogʻida ular orasidan Kolumbiya janubidagi Rioache shahrida joylashgan mashgʻulot lagerida tayyorgarlikdan oʻtgan uch nafar jangari va bir yollanma bosqinchi hibsga olingan.
Rodriges “Kolumbiya siyosiy kuchlari“ni Venesuelaga jangarilar yuborish yoʻli bilan mamlakatda zoʻravonlik holatlari keltirib chiqarishga urinishda ayblagan. Shu bois fuqarolarni ogohlikka chaqirib, chegaradan oʻtish vaqti qisqartirilganligini taʼkidlagan. Komendantlik holati nomaʼlum muddatga joriy etildi.