Mamlakatimizda futzal bo‘yicha bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatining 1/8 finali doirasidagi Ispaniya va Venesuela terma jamoalari uchrashuvi Andijon shahridagi Universal sport majmuasida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv birinchi taymining dastlabki daqiqalari teng kurashlar ostida o‘tdi. O‘yinning 5-daqiqasida ispanlar darvozasi oldida golli vaziyat yuzaga keldi. Darvozabon tomonidan xavf bartaraf etildi. Shu zahotiyoq ispaniyalik futzalchilar xavfli javob hujumini tashkil etdi. Lekin vaziyatdan foydalana olishmadi.
Shundan so‘ng o‘yin Ispaniya terma jamoasi ustunligida o‘tdi. Venesuelaliklar qarshi hujumlar uyushtirib turdi. O‘yinning 13- daqiqasidagi ana shunday qarshi hujumlardan biri, Venesuela terma jamoasi darvozaboni Xose Vilyalobes tepgan to‘p hech kimga tegmay ispanlar darvozasidan joy oldi. Bahsli deb topilgan gol video tekshiruvdan so‘ng inobatga olindi. Shunday qilib, venesuelalik futzalchilar hisobda oldinga chiqib oldi.
[gallery-19457]
Taym oxiriga qadar ispanlar tomonidan ketma-ket hujumlar tashkil etildi. Lekin gol kiritilmadi.
O‘yinning birinchi taymi Venesuela foydasiga 1:0 hisobida yakunlandi.
Uchrashuvning ikkinchi taymi ham Ispaniya terma jamoasining xavfli hujumlari bilan boshlandi. O‘yinning 23-daqiqasida Ispaniya termasining 6-raqamli o‘yinchisi Raul Gomes chiroyli tarzda raqib darvozasiga to‘p kiritib, hisobni tenglashtirdi.
Qolgan daqiqalar ispanlarning xavfli hujumlari bilan o‘tdi. Biroq, o‘yinning 38-daqiqasiga kelib, venesuelaliklarning qarshi hujumi chiroyli gol bilan yakunlandi. Gol muallifi 2-raqamli Karlos Sans bo‘ldi.
Qolgan daqiqalarda ispaniyalik futzalchilar ketma-ket hujumlar uyushtirdi. Biroq, raqib darvozasi ishg‘ol etilmadi.
O‘yin 2:1 hisobida Venesuela termasi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Eslatib o‘tamiz, ertaga 26 sentyabr kuni Andijondagi Universal sport majmuasida 1/8 final doirasidagi Portugaliya – Qozog‘iston uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari