Velosportchilarimiz Osiyoda tengsiz
Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan veloshosse bo‘yicha Osiyo chempionati O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Qit’a birinchiligidan so‘ng UCI jahon va Osiyo reytingini yangiladi.
Yangilangan reytingga ko‘ra, O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Osiyo qit’asida 1169 ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi. Xalqaro reytingda esa qizlarimiz 22-pog‘onadan joy olgan. Shuningdek, erkaklar terma jamoamiz 930 ochko bilan qit’amizda ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Jahon reytingida esa yigitlarimiz ikki pog‘ona yuqorilab, 40-o‘ringa joylashdi.

Qayd etish joizki, Osiyoning 25 dan ortiq davlatidan 350 nafarga yaqin sportchi ishtirok etgan qit’a chempionatida O‘zbekiston delegatsiyasi 1 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza — jami 5 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida kuchli uchlikdan joy oldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA