Qozog‘istonning Olmaota shahrida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha kattalar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati yakunlandi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi 1 ta oltin va 4 ta kumush, jami 5 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ayollar elita toifasidagi yakkalik poygasida Olga Zabelinskaya oltin, Yanina Kuskova esa kumush medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, yosh qizlar o‘rtasidagi yakkalik dasturida Samira Ismoilova shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan o‘rin oldi.
Elita toifasida mikst-estafeta bahslarida Murodjon Xolmurodov, Daniil Yevdokimov, Begzod Rahimboyev, Olga Zabelinskaya, Yanina Kuskova, Margarita Misyurina kabi velosportchilardan tashkil topgan terma jamoamiz ikkinchi natijani qayd etdi.
Yoshlar o‘rtasida mikst-estafetada Alimardon Jamoliddinov, Muhriddin Safarov, Begzod Bahodirov, Samira Ismoilova, Viktoriya Polzunova va Madina Davronovadan iborat termamiz delegatsiyamiz hisobiga so‘nggi to‘rtinchi kumush medalni qo‘shib qo‘ydi.
Shu tariqa, yoshlar hamda kattalar terma jamoalarimiz musobaqani muvaffaqiyatli yakunladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA