Saudiya Arabistoni mezbonligida o‘tayotgan shosse bo‘yicha Osiyo chempionati O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli davom etmoqda.
Musobaqaning U23 yosh toifasidagi ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan 109,2 kilometr masofadagi guruh poygasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Samira Ismoilova oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, Samira ushbu poygada masofani 3 soat 17 daqiqa 16 soniya natija bilan barcha raqibalarini qariyb bir daqiqa ortda qoldirgan holda bosib o‘tdi.

Darvoqe, ushbu muvaffaqiyat jamoaviy harakat samarasi bo‘lib, oltin medalni qo‘lga kiritishda Samira Ismoilovaga jamoadoshlari Asal Rizayeva, Anna Kuskova hamda Kseniya Li yaqindan yordam ko‘rsatib, so‘nggi soniyalargacha kurash olib bordi.
Shuningdek, musobaqaning U23 yosh toifasidagi yigitlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan guruh poygasida Farruh Bobosherov to‘rtinchi, Diyor Tohirov oltinchi, Begzod Bahodirov sakkizinchi, Samandar Joniqulov kuchli o‘nlikdan joy oldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA