Ertaga, 25 mart kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionati bahslari boshlanadi.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, mazkur nufuzli qit’a chempionatida mamlakatimizning 17 nafar sportchisi turli yo‘nalishlarda vatanimiz sharafini himoya qilishadi.
Xususan, terma jamoamiz tarkibida Murodjon Xolmurodov, Daniil Yevdakimov, Yanina Kuskovadek yetakchi velosportchilar bilan birgalikda ayni paytda faoliyatini Fransiya klublarida davom ettirayotgan yoshlar terma jamoasi a’zolari Samandar Sultonov, Davir Abdurahmonov kabi iste’dodli sportchilarning borligi ahamiyatlidir.
Shuningdek, ertaga Dushanbeda start oladigan qit’a chempionatida Osiyoning para velosportchilari ham ilk bor chempionat g‘olibligi uchun bahslarda ishtirok etadi.
Tojikistonda 29 martga qadar davom etadigan qit’a chempionati velosportchilarimiz uchun joriy yil Xitoyda o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlikning muhim bosqichi hisoblanadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA