Velosport: Osiyo chempionatidagi dastlabki oltin medalimiz
Toshkent viloyati trassalarida o‘tkazilayotgan velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionatida terma jamoamiz a’zolari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Toshkent viloyati trassalarida o‘tkazilayotgan velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionatida terma jamoamiz a’zolari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Bugun ikki nafar vakilimiz sprint poygasilarida shohsupaga ko‘tarildi. Ayollar o‘rtasida 23 yoshgacha bo‘lgan sportchilar toifasida hamyurtimiz Renata Baymetova bronza medalini qo‘lga kiritdi. U 30 kilometrga o‘tkazilgan poygalarda Xitoy Taypeyi vakili Tin Tin Chan hamda kunchiqar yurt Yaponiya terma jamoasi a’zosi Yumi Kajixaradan ortda qolgan holda marra chizig‘ini kesib o‘tdi.
O‘zbekiston terma jamoasiga dastlabki oltin medalni esa ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibi Olga Zabelinskaya taqdim etdi. 30 kilometr masofaga kechgan elit, ya’ni kattalar toifasidagi poygalarda u eng yaxshi natijani qayd etdi va oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shuni ta’kidlash joiz, bu terma jamoamizning mazkur musobaqadagi birinchi oltin medali bo‘ldi. Ushbu masofada kumush medal Janubiy koreyalik Jumi Li hamda bronza medali esa yana bir Xitoy Taypeyi vakilasi Tin Yin Xuangga nasib etdi.