Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Velosport musobaqasi davom etmoqda
18:25 / 2024-09-18

Urganch shahrida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha yoshlar (yigit va qizlar) hamda o‘smir yigit-qizlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi bo‘lib o‘tmoqda. Davlatimiz rahbarining tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan musobaqa sinovlarida Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan jami 160 nafar yosh velosportchilar ishtirok etmoqda.

– Musobaqadan ko‘zlangan maqsad velosport bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasini shakllantirishdan iboratdir, – deydi musobaqa bosh hakami Obidjon Xolmurodov. – Shuningdek, yoshlar Osiyo o‘yinlariga iqtidorli sportchilarni ham saralab olishimiz lozim. Respublikamizning barcha hududlaridan kelgan sportchilarning tayyorgarliklari yaxshi. Tashkilotchilar ham musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rganligi uning yuksak darajada o‘tishiga ham hissa qo‘shmoqda.  

Musobaqaning birinchi kunida sportchilar Urganch shahrining Al- Xorazmiy va Jayxun ko‘chalari bo‘ylab jamoaviy bahslarda o‘z imkoniyatini sinab ko‘rdi. O‘smir yoshidagi qizlar va o‘g‘il bolalar 20 kilometrlik masofada, yoshlar toifasidagi velopoygachilar esa 40 kilometrlik masofada kuch sinashdi. Velopoygada ko‘p bor respublika chempionlari, xalqaro musobaqalar g‘olib va sovrindorlari qatnashgani shosseda bo‘lib o‘tgan sinovlarni yanada qiziqarli bo‘lishiga sabab bo‘ldi.  

[gallery-19327]

Musobaqa natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Kubogi musobaqasining velosport – shosse bo‘yicha jamoaviy bahslarida yoshlar o‘rtasida Xorazm velopoygachilari jamoasi birinchi o‘rin sohibi bo‘ldi. Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sportchilari musobaqa jadvalida ikkinchi va namanganlik velosipedchilar uchinchi pog‘onani band etdi.  

Kubok bahslarining yoshlar toifasida 27,6 km. masofadagi jamoaviy estafeta bahslarida Mustafo Mavlonberdiyev, Pardaboy Lutfullayev, Fazliddin Ergashev, Viktoriya Polzunova, Sabrina Altinbekova, Dilnuraxon Mirzavaliyevadan iborat Sirdaryo jamoasi g‘olib bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi pog‘onalarni Toshkent hamda Navoiy viloyati jamoalari egalladi. O‘smirlar o‘rtasidagi jamoaviy estafetada (27,6 km) Jizzax jamoasi O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Toshkent viloyati ikkinchi, Sirdaryo viloyati esa, uchinchi o‘rindan joy oldi.  

Ma’lumot o‘rnida, Xorazm viloyatida respublika velosipedchilari ishtirokidagi mazkur musobaqa sport tarixida ikkinchi marotaba o‘tkazilmoqda. Musobaqalar davom etmoqda.  

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/8vX9Sg_U0Ds?si=HXGr05u2QpyM5eJw" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (Surat, +video).  

O‘zA muxbirlari.