Munosabat
Bu ta’rif joriy yilning 24 sentyabr kuni qabul qilingan “Velosportni rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda alohida qayd etilgan. Velosport turlarining ommaviyligini oshirish, iqtidorli sportchi yoshlarni tanlash va saralash ishlarini tizimli asosda tashkil etish, milliy terma jamoamizning Olimpia va Paralimpia, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon chempionatlari hamda nufuzli musobaqalarda munosib ishtirokini ta’minlash, keng aholi orasida mazkur sportni keng ko‘lamda targ‘ib etish maqsadida qabul qilingan bu qaror velosportni kompleks rivojlantirishning huquqiy asosi hisoblanadi.
Mamlakatimizda zamonaviy velosportning takomili 1994 yilga borib taqaladi. O‘sha vaqtda Respublika Olimpia zahiralari (avvalgi Titov nomida), Chirchiq olimpia zahiralari kollejlari, Markaziy harbiy sport klubi va kasaba uyushmasida velosport bo‘limi faoliyat yurita boshladi. Mustaqillikka erishguncha sobiq ittifoq jamoasi tarkibida Shoxid Zagreddinov, Jamoliddin Abdujabborov, Aleksandr Yudiilar muvaffaqiyatli ishtirok etgan. 1992,1994 va 1996 yillarda Jamolliddin Abdujabbor eng nufuzli TOUR DEFRANCE poygalarining bir necha bosqichlarida g‘olib chiqqan. Ilk oltin medalni 2002 yilda Janubiy Koreyaning Pusan shahrida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida Sergey Krushevskiy, ikkinchi oltinni 2003 yilda Gamelton (Kanada)dagi jahon chempionatida Svetlana Lagutina, 2006 yil Doxa (Qatar) va 2010 yil Guanjou (Xitoy)dagi chempionatlarda kumush hamda oltin medalni Vladimir To‘ychiyev qo‘lga kiritgan. Hindistonning Dehli va Qatarning Doxa shaharlarida Murod Xolmuratov mutlaq g‘oliblikka erishgan edi. 2013 yil 25 fevralda qabul qilingan PQ-1923-sonli qarorga muvofiq Farg‘ona, Andijon, Namangan, Xorazm, Qoraqalpog‘istondagi BO‘SM va OZKda velosport bo‘limlari tashkil etilgan. 2013-2016 yillarda Toshkent va Namangan shaharlarida faoliyat ko‘rsatgan velotrek sport o‘quv markazlari kapital ta’mirlandi.
Mazkur qaror qabul qilingunga qadar velosport turlari takomilida ayrim muammolar bor edi. Jumladan, mamlakat miqyosida velosportni hartomonlama taraqqiy toptirishning kompleks-chora-tadbirlar dasturi yo‘q edi.Yosh, iqtidorli, salohiyatli sportchilarni saralash, tanlash va ularni tarbiyalashning yaxlit tizimi shakllanmagan, bolalar-o‘smirlar sport maktablari va Olimpia zahiralar kollejlaridagi velosport bo‘limlarida tahsil olayotgan sportchilarning istiqboldagi faoliyati nazoratga olinmagan edi.Velosport turlari bo‘yicha musobaqalar deyarli o‘tkazilmasdi.Ko‘pchilik hozir ham velosportning shosse, tog‘, trek, fristayl turlaridan bexabar. Velosport bilan shug‘ullanish imkonini beradigan velotrek maydonlari juda kam edi. Toshkent va Namanganda mavjud bo‘lgan ochiq beton qoplamali velotreklar xalqaro andozalar va me’yoriy talablarga javob bermaydi.
Qarorga muvofiq velosport turlarini 2021-2022 yillarda kompleks rivojlantirish Dasturi doirasida Respublika velosport mahorat maktab-internati, 25 ta Bolalar-o‘smirlar sport maktablari, sportning o‘yin turlari hamda yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan Bolalar-o‘smirlar sport maktablarida Buxoro, Qarshi, Navoiy va Termiz Olimpia zahiralar kollejlarida velosport turlari bo‘yicha bo‘limlari faoliyat boshlaydi.Eng muhimi, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab har yili 100 nafar iqtidorli bolalarni qabul qiladigan Respublika velosport mahorat maktab-internatiga sutkalik oziq-ovqat normalari joriy etiladi. Maktab zamonaviy o‘quv va sport anjomlari, jihozlari bilan to‘liq ta’minlanadi. Malakali murabbiylarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg‘ona va Nukus filiallarida velosport turlari fakultetlari ochiladi.
Velosportning barcha turlari bo‘yicha nufuzli xalqaro musobaqalarda qatnashish asnosida Olimpia va Paraolimpia, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari litsenziyasiga erishish imkoniyatini beruvchi, mamlakatning barcha hududlarida velosportni rivojlantirish bo‘yicha zaruriy sharoitni yaratuvchi, xususiy sport klublarning xalqaro musobaqalarda qatnashishini ta’minlovchi O‘zbekiston professsional velosportchilar klubi tashkil etiladi. Klub “Nation Brands” xalqaro reytingida “Uzbekistan” milliy brendini yuqorilashga xizmat qiladi. Yana bir muhim jihat-iqtidorli, layoqati bor, salohiyatli yoshlarni saralash, tanlash, ularga barcha zaruriy sharoitlarni yaratish asnosida professional velosport infratuzilmasini barpo etish, unga sarmoya yo‘naltirish, mazkur sport turini keng ko‘lamda targ‘ib etish tuzilmasini shakllantirish, mahalliy va xalqaro musobaqalar o‘tkazish orqali velosportning nufuzini ko‘tarish, sohaning huquqiy-me’yoriy asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi Velosport bo‘yicha respublika Kengashi tashkil etiladi.
BMT Bosh Assambleyasining 2018 yil 12 apreldagi maxsus rezolyutsiyasiga muvofiq har yili yurtimizda 3 iyun kuni Butunjahon velosiped kuni keng nishonlanadi. 15-20 kilometrdan kam bo‘lmagan velomarafonlar barcha hududlarda o‘tkaziladi. Buning uchun alohida dastur ishlab chiqilib, musobaqalarning joyi, yo‘nalishi aniq belgilanadi. Velosipedlarni ijaraga berish imkoniyati yaratilib, yo‘l xavfsizligini ta’minlash va transport tirbandligining oldini olish choralari ko‘riladi. Asosiy maqsad-velosport turlarini keng ommaga targ‘ib etish, professional sportga yoshlarni jalb qilish, sport ta’lim muassasalarida mazkur sportni yanada rivojlantirishdir.
Velosport turlarining ommaviyligini oshirish uchun mazkur qarorda aniq-tiniq tadbirlar belgilandi. Jumladan, 2022 yildan boshlab har yili velosportning shosse va tog‘ turlari bo‘yicha Toshkent viloyati, Samarqand hamda Qoraqalpog‘istonda ko‘p kunlik Xalqaro velopoyga, trek turi bo‘yicha Toshkent va Namangan shaharlarida, motokross bo‘yicha Jizzaxda, fristayl turi bo‘yicha Toshkentda xalqaro musobaqalar o‘tkaziladi. Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hududida veloshosse sport majmuasi, Samarqand viloyatining Samarqand tumanida yopiq turdagi velotrek inshooti, Toshkent shahrida Respublika velosport mahorat maktab-internati va O‘zbekiston velosport federatsiyasi ma’muriyati binosi barpo etiladi. Har yili O‘zbekiston velosport federatsiyasining hududiy bo‘limlariga 40 donadan velosiped ajratiladi. Havaskorlar o‘rtasida velopoygalarni muntazam tashkil qilish maqsadida mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratiladi.
Mamlakat miqyosida velosport turlarini rivojlantirib yangi pog‘onaga olib chiqish, xalqaro musobaqalarda sportchilarimizning munosib ishtirokini ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida qabul qilingan Qarorda bosqichma-bosqich velosport takomili, uning moddiy-texnik ta’minoti, moliyaviy manbalari aniq ko‘rsatildi, tegishli tashkilot va idoralarga muayyan vazifalar hamda ko‘rsatmalar berildi. Eng oddiy, kamxarajat, ekologik toza, ishonchli sport turi hisoblangan velosportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish uchun quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur.
Биринчиданtaдрижийлик tamoyili asosidamaktabgacha ta’lim muassasasidan boshlab barcha aholi qatlami orasida velosiped va uning inson salomatligiga ijobiy ta’sirini targ‘ib etish kerak.
Ikkinchidan, velosport turlarini (shosse, trek, tog‘, motokross, fristayl) sodda, ravon, tushunarli shaklda targ‘ib etish. Ko‘pchilik velosiped sporti deb o‘ylaydi. Turli shakl yo ko‘rinishga ega bo‘lgan avtoulovlar, elektromobillar, motoulovlar turganda velosiped nima kerak, deb qaraydiganlar ham bor. Shunga o‘xshash qarashlarni bartaraf qilish, ularga chek qo‘yish uchun ham targ‘ibotni kuchaytirish kerak.
Uchinchidan, professional sportchilar safini kengaytirish uchun seleksiya ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish talab etiladi. Buning uchun Bolalar-o‘smirlar sport maktablari, Olimpia zahirlari kollejlari va havaskor klublarda shug‘ullanayotgan yoshlarni saralash, tanlash va tizimli tayyorlash kerak bo‘ladi.
To‘rtinchidan, malakali, salohiyatli murabbiy va ustozlar mehnatini rag‘batlantirish mexanizmini yo‘lga qo‘yish lozim. Albatta bu vazifalarni ado etish muayyan vaqt va e’tibor talab qiladi. Bizda imkoniyat ham, sharoit ham bor. Ozgina xohish, birgalikda harakat va intilish bo‘lsa ko‘zlagan maqsadlarga albatta erishamiz.
Nodir G‘afforov,
Tohir Turg‘unov,
Ismoil Karimov,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti dotsentlari