Velosport bo‘yicha O‘zbekistonning ilk professional klubi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tdi va maxsus guvohnomaga ega bo‘ldi.
Shu munosabat bilan Adliya vazirligida o‘tkazilgan tadbirda MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bosh kotibi Kozim O‘rinboyxo‘jayev, MOQ va O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etdi.
Aytib o‘tish kerakki, Xalqaro velosipedchilar ittifoqining shartiga ko‘ra, yirik xalqaro musobaqalarda milliy terma jamoalar ishtiroki cheklanmoqda. Bu Osiyo va Olimpiya o‘yinlari, qit’a va jahon chempionatlaridan tashqari, albatta. Boshqa har qanday musobaqalarda xalqaro tashkilot talabiga ko‘ra professional jamoalar ishtirok etishi shart.
“UZBEKISTAN CYCLING PRO TEAM” nomi bilan ro‘yxatdan o‘tgan klub endilikda yirik xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi mumkin.
Klub shosse va trek yo‘nalishlarida erkaklar va ayollar bo‘yicha alohida jamoaga ega. Reglamentga ko‘ra, tarkibga umumiy 16 nafar erkak va ayol sportchini jalb qilishi mumkin. Bu bilan ushbu jamoa velosportchilari yirik turnirlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega. Jamoaga boshqa davlatlardan legioner sportchilarni ham jalb qilish mumkin.
Ilk o‘zbek professional jamoasi o‘zining ilk startini mart oyining so‘nggida Sloveniyada o‘tadigan musobaqada o‘tkazishi kutilmoqda. Rejaga ko‘ra, Murodjon Xolmurodov, Olga Zabelinskaya kabi velosportchilarimiz “UZBEKISTAN CYCLING PRO TEAM” klubi bilan shartnoma tuzadigan ilk rayderlar bo‘lishadi.
Velosportda professional jamoamizning tashkil topishi ushbu sportning rivoji yurtimizda yana bir bosqichga ko‘tarilganidan dalolatdir. O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan kelajakda bu kabi jamoalar sonini ko‘paytirish orqali yurtimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shu jumladan, xotin-qizlarni sportga yanada keng jalb qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Muattar Burhonova, O‘zA