Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Velomarofonchilar Beruniy tumanida
05:01 / 2021-06-04

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan «Mo‘ynoqqa madad» ekologik xayriya velomarafoni qatnashchilarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.

Ekologik velomarafon yakuniy bosqichida qatnashadigan velosportchilarni Beruniy tumani «Quyi Amudaryo davlat biorezervati»da tantanali kutib olishdi.

– Andijon viloyatidan boshlangan ushbu marafonga men Toshkent shahridan qo‘shildim va Nukusga qadar yetib keldim, –deydi marafon ishtirokchisi Temur Abduhakimov.– Velosport mening hayotimning mazmuni. Usiz bir kunimni ham tasavvur etolmayman. Kuniga 50-60 kilometr masofani bosib o‘tib, marafonchilar bilan oxirgi manzil Nukusga ham yetib keldik. Bizni barcha viloyatdagilar ko‘tarinki ruhda kutib olib, kuzatishdi. Yoshim 19 da kelgusida o‘z soham bo‘yicha jahon chempionati va olimpiyada o‘yinlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritishni o‘z oldimga maqsad qilganman.

Shundan so‘ng olimlar, yosh tadqiqotchilar uchun ham muhim bo‘lgan hudud – «Quyi Amudaryo davlat biorezervati»ga sayohat uyushtirildi.

Ekologik velomarafon ishtirokchilari Beruniy tumanida joylashgan «Quyi Amudaryo davlat biorezervati»da mavjud hayvonot olami, tabiati, o‘ziga xos o‘simlik dunyosi bilan tanishdi. Yosh olimlar hudud kamchiliklarini bartaraf etish choralari bo‘yicha fikr almashdi. Amudaryo qirg‘og‘i bo‘ylab sayohatlarini davom ettirar ekan, suv sathining yildan- yilga pasayib borayotgani, buni bartaraf etish usullari haqida o‘z taklif- mulohazalarini bildirdi.

Ma’lumot uchun: marafonning oxirgi kunida o‘tkazilishi kuzatilayotgan anjumanda ana shu mavzular ham o‘rtaga tashlanadi.

–Qo‘riqxonamiz qariyb 70 ming gektar hududni o‘z ichiga oladi,–deydi «Quyi Amudaryo davlat biorezervati» direktori o‘rinbosari Aqlbek To‘rayev. – Hududda ilmiy ishlar, tadqiqotlar olib boriladi, noyob hayvonlar parvarishlanadi. Yildan-yilga suv taqchillashib borayotgani uchun qo‘riqxona hududini nasoslar orqali sug‘orish ishlarini amalga oshirishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bunda, albatta, olimlar ko‘magi va hamfikrligiga ehtiyoj bor. Chunki suvdan muqobil foydalanishni yo‘lga qo‘ymas ekanmiz, hayvonot olamiga ham, tabiatga ham katta ziyon yetkazib qo‘yishimiz mumkin. Bugun marafonda irrigatsiya sohasida izlanishlar qilayotgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etishi bizni mamnun etdi.

Marafonchilar uchun Qoraqalpog‘iston bo‘ylab uyushtirilgan tadbirlar davom etmoqda.

D. Mamatova, O‘zA