Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vebinarda yer tuzish mavzusi bo‘yicha Shvetsiya tajribasi haqida so‘z bordi
20:10 / 2021-04-05

O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Germaniyadagi vakilligi, mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi hamkorligida navbatdagi vebinar tashkil etildi.

Yurtimizdagi tegishli yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari, yosh tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar ishtirok etgan vebinarda yer tuzish mavzusi bo‘yicha Shvetsiya tajribasi haqida ma’lumotlar beriladi. Unda spikerlik qilgan yurtdoshimiz Jamshid Jo‘raboyev ayni paytda Shvetsiyaning Linkkoyepin kommunida yer tuzuvchi muhandisi bo‘lib faoliyat olib boradi.

Bu kabi onlayn seminarlar, mahorat darslari tashkil qilish muntazam yo‘lga qo‘yilgani e’tiborga molik. Shu paytgacha tashkil qilingan turkum vebinarlar davomida vatanimiz iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan yo‘nalishlarda talabalar, yosh olimlar va professor-o‘qituvchilarimiz tegishli soha mutaxassislaridan qimmatli ilmiy ma’lumotlar, innovatsion ishlanmalar haqida ma’lumot oldi. Bunday shakldagi vebinarlarga yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlari talabalarining qiziqishi tobora ortib borayotgani quvonarli.

Ayni paytda respublikamizning har bir viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ularning takliflaridan kelib chiqqan holda vebinarlar tashkil etishni O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi o‘z oldiga vazifa qilib qo‘ygan. Shu paytgacha Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent davlat agrar universiteti, Samarqand davlat universiteti, Andijon davlat tibbiyot instituti, Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali va boshqa OTMlar bilan hamkorlikda vebinarlar tashkil qilindi.

Keyingi rejalarda Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qarshi muhandislik va iqtisodiyot instituti bilan hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan.

Ushbu vebinar ham qiziqarli, foydali ma’lumotlarga boy bo‘ldi. Spiker Jamshid Jo‘raboyev yer tuzish va yer kadastri, ko‘chmas mulk sohalari, shaharsozlik va loyihalashtirish, masofadan zondlash, yo‘l qurilishi, aholi yashash hududlarida quriladigan muhandislik inshootlari, geodeziya va kartografiya haqida bir qator ma’lumotlar berdi.